Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Savdo operatsiyalarida eksport tushumlari va import uchun to‘lovlar o‘sgan
16:27 / 2022-12-15

Markaziy bank boshqaruvining yig‘ilishida asosiy stavka yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Markaziy bankning ma’lum qilishicha, jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida muvozanatlashuv kuzatilayotgan bo‘lsa ham, ichki bozorda narxlarga bo‘lgan bosimlar saqlanib qolmoqda.    

Umumiy inflyatsiyaning so‘nggi 3-4 oyda sezilarli o‘zgarmagani va ayni paytda bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi trendi iqtisodiyotda “nisbatan qat’iy” pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda.  

bugungi yig‘ilishda belgilangan asosiy stavka dinamikasidan kelib chiqib shakllanadigan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani keyingi yilgi prognoz darajasiga pasaytirishga zamin yaratib boradi.  

Iste’mol bozorlarida talab va taklifga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki va tashqi iqtisodiy omillar hisobiga narxlarga bo‘lgan bosim yuqoriligicha qolmoqda.  

Joriy yilning noyabr oyida yillik inflyatsiya sur’ati 12,3 foizni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 7,8 foizga qimmatlashdi.  

Noyabr oyi natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 15,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 14,3 foizni tashkil etgani holda o‘tgan oylar darajasida qolmoqda.  

Shuningdek, yillik bazaviy inflyatsiya noyabrda 13,4 foizgacha tezlashib, uning umumiy inflyatsiyadagi hissasi 10,1 foiz bandgacha oshdi.  

Rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat, tashqi iqtisodiy operatsiyalar hajmining sezilarli o‘sishi va iqtisodiyotga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalarining ortib borishi fonida iqtisodiy faollikda barqarorlik saqlanib qolmoqda. Jumladan, iqtisodiyotning real sektori korxonalari o‘rtasida noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faollik indeksi 51,1 birlikni tashkil etdi.  

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida banklar tomonidan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,7 foizga, xususan, uy xo‘jaliklariga 1,6 barobar ko‘p kredit ajratildi. Nafaqa va ish haqilarning oshirilishi hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sishi, o‘z navbatida, savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasida pul tushumlari hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,5 foizga o‘sishiga omil bo‘ldi.  

Umuman olganda, iqtisodiy faollikning ildamlovchi ko‘rsatkichlari taklif omillarining salbiy ta’sirini inobatga olmagan holda IV chorakda ham iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari 5,5 foiz atrofida bo‘lishini ko‘rsatmoqda.  

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuqori noaniqlik darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxlarida muvozanatlashuv kuzatilayotgan bo‘lsada, ularning kelgusi dinamikasi bo‘yicha xatar va noaniqliklar mavjud. 

Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha eksport tushumlarida ham, import uchun to‘lovlarda ham o‘suvchi tendensiyalar kuzatildi.  

Eksport hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga, import – 21,2 foizga va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2,2 barobarga oshdi. Shuningdek, ushbu davrda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2,8 milliard dollarga teng bo‘ldi.  

Tashqi iqtisodiy aloqalarda kuzatilayotgan ushbu vaziyat, ichki valyuta bozorini muvozanatlashtirib, milliy valyuta almashuv kursi barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. So‘mning AQSH dollariga nisbatan kursi yil boshiga nisbatan 3,5 foizga qadrsizlandi.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA