Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasida Birodar shaharlar alyansi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida “Hududlar savdo-iqtisodiy tarmoqlarida hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, do‘stlik jamiyatlari a’zolari, “Vatandoshlar” jamoat fondi, Milliy madaniy markazlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatining asosiy maqsadi – O‘zbekistonning hududlari hamda xorijiy shaharlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini aniqlash, o‘zaro tajriba almashish hamda biznes tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Qayd etish lozimki, hududlar savdo-iqtisodiy tarmoqlarida hamkorlikni kengaytirish natijasida mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi yanada ortadi. Mazkur yo‘nalishdagi faoliyat hududlarning mavjud imkoniyatlarini samarali birlashtirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kuchaytirish, savdo va investitsion aloqalarni kengaytirish orqali iqtisodiy o‘sishga turtki beradi.
Hamkorlikni kengaytirish natijasida,hududlararo iqtisodiy integratsiya chuqurlashadi, savdo aylanmasi ortadi,
investitsion jozibadorlik kuchayadi, logistika tizimi takomillashadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va aholi farovonligi oshadi.
Shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish birodar shaharlar aloqalari, savdo-sanoat palatalari va xalqaro tajriba almashish mexanizmlari bilan uyg‘un holda olib borilishi alohida ahamiyatga ega. Bu esa nafaqat ichki bozorni kengaytiradi, balki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan savdo va sanoat sohalarida hamkorlikning yangi imkoniyatlarini izlash, hududlararo iqtisodiy aloqalarni kengaytirish mexanizmlarini takomillashtirish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning samarali yo‘llari kabi bir qancha masalalar keng muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash va o‘zaro tajriba almashishni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
N. Rahmonova, O‘zA