French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanmoqda
17:17 / 2014-11-11

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 11-noyabr kuni Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 11-noyabr kuni Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, bank-moliya, neft-gaz, aviasozlik, mashinasozlik, savdo-sanoat, sarmoya, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, aviatashuv, geologiya va mineral resurslar, metallurgiya, kimyo va oziq-ovqat sanoati, sug‘urta, sayyohlik, qishloq va suv xo‘jaligi, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika hamda axborot texnologiyalari kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi. 

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar barcha jabhalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy sohada ham izchil rivojlanib borayotganini, ushbu majlis mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitib, har ikki tomon imkoniyatlarini yanada kengroq ishga solishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. 

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyotida izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida O‘zbekistonning jahon bozoridagi o‘rni yildan-yilga mustahkamlanib, nufuzi tobora oshib bormoqda. O‘zbekistonning barqaror iqtisodiyoti, chet el sarmoyasini keng jalb etish va undan foydalanish bo‘yicha shakllangan puxta mexanizm bugun eng rivojlangan mamlakatlarni, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarini ham yurtimiz bilan faol hamkorlik qilishga chorlamoqda. 

O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asosini iqtisodiyot, savdo, investitsiya, havo transporti, ta’lim, fan-texnika kabi turli sohalardagi ellikdan ziyod hujjat, shuningdek, Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya tashkil qiladi. Bugungi kunda ikki tomonlama aloqalar ushbu deklaratsiya va hujjatlar qoidalari va tamoyillariga asoslangan holda, teng huquqlilik, konstruktiv hamkorlik va manfaatlarni o‘zaro hurmat qilish prinsiplariga muvofiq rivojlanib bormoqda. 

O‘zaro munosabatlarni mustahkamlashda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikka ustuvor ahamiyat beriladi. Amerika kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sohalaridagi qator muhim sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, AQShning “Jeneral motorz”, “Keys Nyu Xolland”, “Lokxid Martin”, “Xayat” kabi ko‘plab kompaniyalari O‘zbekistonda yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Bunda mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikda ish yuritish uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, keng imkoniyat, imtiyoz va preferensiyalar muhim omil bo‘lmoqda. 

Anjumanda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi ahvoli va istiqbollari, bu borada hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlarini rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Xususan, yuqori texnologiyali, jumladan, neft-gaz, kimyo sanoati, avtomobilsozlik, aviasozlik, energetika va energiya tejash, farmatsevtika, elektr texnikasi, oziq-ovqat sanoati sohalaridagi sarmoyaviy loyihalar uchun AQSh sarmoyasi va texnologiyasini jalb qilishda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi yil sayin oshib bormoqda. 2013-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 387 million dollarni tashkil qildi. Mamlakatimizda amerikalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tuzilgan 174 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. AQShning 39 firma va kompaniyasi yurtimizda o‘z vakolatxonasini ochgan. Ular avtomobilsozlik, neft-kimyo, to‘qimachilik va yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga ixtisoslashgan. 

Amerikalik ishbilarmonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samaralarini yuksak baholadi. Dunyoda hanuz davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozga qaramay, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlik bois O‘zbekiston yuksak iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishayotgani, bu xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatimiz bilan hamkorlikka qiziqishini tobora oshirayotgani ta’kidlandi. 

O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishida Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi muhim o‘rin tutadi. 1993-yili tashkil topgan ushbu palata ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish maqsadida ko‘ngilli asosda tuzilgan nohukumat notijorat tashkilotdir. Unga a’zo kompaniyalar xedj fondlardan tortib yuridik firmalar, qishloq xo‘jaligi korxonalari, mehmonxonalar va internet xizmati provayderlarigacha bo‘lgan turli biznes jabhalarida faoliyat yuritadi. 

Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining asosiy maqsadi AQSh firma va kompaniyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga jalb etish, xususan, mamlakatimizdagi sarmoyaviy muhit bilan ularni yaqindan tanishtirish barobarida, investitsiya kiritish va hamkorlikda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chorlash, tadbirkorlarning biznes rejalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi Raisi Kerolin Lemm O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik hamda yalpi ichki mahsulot o‘sishining yuqori sur’ati ta’minlanayotganini alohida qayd etdi.

– O‘zbekiston bilan o‘zaro samarali hamkorlik mamlakatlarimiz xalqlari manfaatlariga xizmat qilayotir, – dedi K.Lemm. – Mamlakatingizdagi barqaror vaziyat, yuksak makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va yuqori malakali kadrlar O‘zbekistonga xorijiy sarmoya kiritish istagi va imkoniyatlarini tobora oshirmoqda. Anjumanda ishtirok etgan Amerika kompaniyalari O‘zbekiston bilan o‘zaro sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Mazkur majlis natijalari ikki tomonlama faol va istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbirda AQShning o‘ttizdan ziyod yirik kompaniyalaridan vakillar ishtirok etgani ham ushbu mamlakatning O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanidan dalolat beradi. 

– Qishloq xo‘jaligi, qurilish, konchilik kabi sohalarda foydalaniladigan texnika vositalari va mashinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyamiz O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganiga 16-yildan oshdi, – dedi “CiEnEych Indastrial” kompaniyasi vitse-prezidenti Roberto Valfre. – O‘zbekistondagi ijtimoiy va iqtisodiy omillar ishlab chiqarish jarayonining takomillashishiga, faoliyatimizning jadal rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Bugungi kunda mahsulotlarimiz uchun zarur bo‘lgan ko‘plab butlovchi qismlarni O‘zbekistondan olmoqdamiz. Mamlakatingizdagi biznesimizni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz.

“Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalarida ish yuritish uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, yuqori texnologik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga doir masalalar muhokama qilindi. Erishilgan kelishuvlar kelgusida ikki tomon uchun ham manfaat keltirishiga va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalarda yanada rivojlanishga ishonch bildirildi.

Shu kuni O‘zbekiston va AQSh tadbirkorlarining kooperatsion birjasi ham bo‘lib o‘tdi.