Savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda
Poytaxtimizda 2-aprel kuni O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlari ishtirokida kooperatsion birja bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda 2-aprel kuni O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlari ishtirokida kooperatsion birja bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda ikki mamlakatning savdo, sarmoya, bank-moliya, sanoat, avtomobilsozlik, neft-kimyo, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, mashina va tog‘-kon uskunalari ishlab chiqarish, sug‘urta, eksport-import kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik barcha jabhalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda muttasil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatlarimiz katta iqtisodiy salohiyat va imkoniyatlarga ega. Bu borada ikki davlat o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Savdo-sanoat, sarmoya, neft-gaz, konchilik, mashinasozlik, to‘qimachilik, logistika, kimyo sanoati, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi ko‘plab sohalar bo‘yicha hamkorlikka oid bitimlar imzolangan.
O‘zaro investitsiya hamkorligi ko‘lami ham muntazam kengaymoqda. Janubiy koreyalik ishbilarmonlar O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda, mamlakatimizga investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar tashkil etayotir. Ayni paytda O‘zbekistonda Janubiy Koreya ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan to‘rt yuzdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Koreya Respublikasining 80 kompaniyasi mamlakatimizda o‘z vakolatxonasini ochgan. Ular savdo, to‘qimachilik va yengil sanoat, tog‘-kon metallurgiyasi, kimyo va oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik, sayyohlik, sog‘liqni saqlash va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ish yuritmoqda.
O‘zbekiston Janubiy Koreyaga oziq-ovqat mahsulotlari, mashina va uskunalar, mineral o‘g‘itlar, kimyo mahsulotlari eksport qiladi, transport, kommunikatsiya va sayyohlik xizmatlari ko‘rsatadi. Janubiy Koreyadan mamlakatimizga mexanik va elektron uskunalar, plastmassa va plastmassadan tayyorlangan mahsulotlar, qora metall import qilinadi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, qulay sarmoyaviy muhit, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun yaratilgan imkoniyatlar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi qulayliklar va imtiyozlar xususida so‘z yuritildi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlari hamkorligida iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar ijrosi, shuningdek, yangi loyihalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
– O‘zbekiston Janubiy Koreyaning muhim va ishonchli hamkorlaridandir, – dedi Koreya Respublikasi Kyongnam provinsiyasi hukumatining xalqaro aloqalar va savdo bo‘yicha boshqaruvchisi Kim Tey Xi. – Mazkur tadbirda ishtirok etgan Janubiy Koreya kompaniyalari O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirmoqda. O‘zbekiston tabiiy resurslar va yuqori malakali mutaxassislarga boy, ulkan iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatga ega mamlakat. Bu omil Janubiy Koreya-O‘zbekiston savdo-iqtisodiy aloqalarining yanada ravnaq topishiga katta hissa qo‘shmoqda.
Kooperatsion birjada O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Janubiy Koreya ishbilarmonlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida biznes aloqalarini kengaytirish, savdo va sanoat sohalarida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib oldilar.