Qozog‘iston Respublikasi Mang‘istau viloyati Aqtau shahrida “Made in Uzbekistan. Industrial potential of Karakalpakstan” nomli ko‘rgazma-yarmarka ish boshladi.
Mazkur yarmarkada dastlab delegatsiya rahbarlari, mas’ullar va tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqdi. U bu kabi tadbirlar mamlakatlarimizdagi oqilona siyosat va tarixiy asosga ega o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishi natijasi ekanligini ta’kidladi.
Yarmarkada Qoraqalpog‘istonda investitsiya muhitini yaxshilash, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish borasida olib borilayotgan islohotlarga, shuningdek, Orolbo‘yi bilan savdo aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish haqida so‘z bordi. Yarmarkada Qoraqalpog‘istondan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlar bilan shartnomalarni tuzishga tayyor 150 ga yaqin yirik biznes vakillari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Albatta, tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma-yarmarka ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘z biznesini yanada rivojlantirishni niyat qilgan yurtimiz fuqarolarining Qozog‘istonning yetakchi biznes vakillari bilan tadbirkorlik aloqalarini o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri