Makka shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Saudiya Arabistoni Podshohligi tijorat vaziri Majid bin Abdulloh al-Qassabiy bilan O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasida o‘zaro savdo doirasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini va savdo aylanmasini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni muhokama qildi.
Muloqot davomida tomonlar o‘zaro savdoni rivojlantirishning ulkan salohiyati movjudligini qayd etdi hamda savdo to‘siqlarini bartaraf etish va ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish yuzasidan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdi.
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida “O‘zstandart” Agentligi va Saudiya Arabistoni standartlashtirish, metrologiya va sifat agentligi o‘rtasida texnik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma dastur tasdiqlanishini olqishladi.
Bojxona yo‘nalishlarini tartibga solish va axborot almashish sohasida idoralararo bitimni imzolash maqsadida ikki mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirishga kelishdi.
Shuningdek, tomonlar ishchi guruh darajasida savdo, investitsiya va turizm sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash va ularni tezda amalga oshirish choralarini ko‘rishga kelishib oldi.
O‘zA