Saudiyaning yetakchi kompaniyalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga “Acwa Power”” kompaniyasi boshqaruvi kengashi raisi Muhammad Abunayyan boshchilik qildi. Muloqotda "InterHealth", "Vision Invest", "Miahona", "Riyadh Cables", "Saudi Tabreed", "Al Bawani", "Al Kathiri Holding", "Abunayyan Holding", "Kdot Partners" kabi yirik korporatsiyalar rahbarlari ham ishtirok etdi.
Tomonlar farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, transport, energetika, suv ta’minoti, sanoat kooperatsiyasi va raqamli iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, infratuzilmani takomillashtirish hamda innovatsion yechimlar joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.


Muzokara yakunida hamkorlikning strategik ahamiyati yana bir bor ta’kidlanib, yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi. Ilgari surilgan tashabbuslar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Muharrama Pirmatova, O‘zA