Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi’a O‘zbekistonga keldi. Ikki kun davom etadigan rasmiy tashrifdan ko‘zlangan maqsad Rahmon mehmonlariga, jumladan o‘zbek umrachilariga eng yuqori darajada xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash va mavjud tizimni takomillashtirish masalalarini muhokama qilishdir.
Ta’kidlash joiz, mustahkam tarixiy, madaniy va diniy rishtalarga asoslangan O‘zbekiston – Saudiya aloqalarining yuqori darajasi ikki davlat yetakchilari rahbarligida olib borilayotgan o‘zaro do‘stona va faol sa’y-harakatlar, intilishlar samarasidir.
Ma’lumki, hamyurtlarimiz Makka al-Mukarrama va Madinai Munavvaraga kelayotgan ziyoratchilarning salmoqli qismini tashkil etadi. Shu bois vazirning tashrifi mobaynida Umrada xizmat taqdim etadigan shirkatlar faoliyatini yaxshilash, ibodatni uzluksiz va xotirjam ado etishni kafolatlash maqsadida ishni O‘zbekiston hukumati mutasaddilari bilan birgalikda tashkil etish bilan bog‘liq holatlar kelishiladi. Shuningdek muzokaralarda saudiyalik avia kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, tashuvchilarning mahalliy bozordagi ishtirokini kengaytirish orqali umrachilarning Podshohlikka borishini yengillashtirish mavzulari ham ko‘tariladi.
2024 yil taxminan 461 ming vatandoshimiz Umra ziyoratini ado etdi. Bu borada O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi, dunyo bo‘yicha birinchi o‘ntalikka kirgan. Ayni yo‘nalishdagi tizim takomillashtirilishi Saudiyaning “2030 yilga nigoh” strategiyasi maqsadiga mos. Qolaversa, keyingi yillarda Podshohlikning mehmonlarga eng zamonaviy texnologiya va innovatsiyalar yordamida yuqori darajada xizmat ko‘rsatishga intilishi ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Tarixiy, madaniy va diniy mushtaraklikka asoslangan O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalar samarali hamkorlikning ajoyib namunasi sanaladi. Mamlakatimiz 1991 yil istiqlolga erishgandan keyin Podshohlik Toshkent bilan mustahkam aloqa o‘rnatishga kirishdi. Avvalo, O‘zbekiston mustaqilligi e’tirof etildi. So‘ngra elchixonalar darajasida diplomatik munosabat o‘rnatilib, yuqori darajadagi tashriflar almashish yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda do‘stona aloqalar misli ko‘rilmagan jadallik kasb etdi.
Xususan, hukumatlarimiz o‘zaro majburiyatlardan kelib chiqib, Umra bo‘yicha o‘zbek shirkatlari tuzilishiga ustuvor masala sifatida qaraydi. Bu jarayonda sifatli xizmat ko‘rsatish me’yori kafolatlangan.
Saudiya Haj va Umra vazirligi o‘z faoliyatini respublikamizdagi vakolatli tomonlar bilan muvofiqlashtirgan holda amalga oshiradi. Tegishli shirkatlar mehmonlar uchun munosib yashash joyi, transport vositalarini hozirlash bo‘yicha vazifasini samarali ado etishi nazorat qilib boriladi.
Podshohlik texnologiya taraqqiyoti doirasida raqamlashtirish tizimiga tayangan qator tashabbuslarni ilgari surgan. Masalan, “Nusuk” elektron platformasi umrachilarimiz muammoga duch kelmasligini ta’minlashga hissa qo‘shadi. Mazkur tizim safarni oldindan oson tashkil qilish imkonini beradi. Bu jarayon viza olishdan boshlanib, transport va yashash joyiga buyurtma berish, hatto manosiklarni ado etish vaqtini belgilashgacha qamrab oladi. Shu tariqa ibodatni to‘liq va yengil ado etish kafolatlanadi.
“Haramayn” tez yurar poyezdida Makka al-Mukarrama va Madinai Munavvara orasidagi masofa tez va xavfsiz bosib o‘tiladi. Shu tariqa tegishli Umra talablarini ado etish, Payg‘ambarimiz masjidlarini ziyorat qilish mumkin.
Butun dunyo bo‘ylab Haj va Umraga talab oshib borayotgani uchun Ikki muqaddas masjid hududini kengaytirishga qaratilgan ulkan loyihalar amalga oshirildi. Tavof va sa’y qilinadigan manzillar yaxshilandi. Infratizim, shuningdek kasalxona, salomatlik markazi kabi yordamchi xizmat ko‘rsatadigan majmualar faoliyati takomillashtirildi. Bularning bari o‘zbek Hojilari va umrachilari ham ibodatni qiyinchiliksiz, namunaviy shart-sharoitda ado etishiga yo‘l ochib berdi.
“2030 yilga nigoh” strategiyasida Ikki muqaddas masjidda yaratilgan qulay shart-sharoitni yanada yaxshilash zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ekologiyani asraydigan suv ta’minoti, tiklanadigan energiya tizimi, sun’iy idrok texnologiyasi asosida ziyoratchilarning ulkan guruhlari to‘planishini boshqarish, ko‘rsatmalarni qator tillar, jumladan o‘zbek tilida ham yetkazish tizimi ishga tushirildi.
Saudiya Haj va Umra xizmati tizimini takomillashtirishda davom etadi. Xususan, O‘zbekiston bilan birga zikr etilgan sa’y-harakatlar ko‘lamini bundan keyin ham kengaytirib boraveradi.
O‘zA