O‘zbekistonning eksport salohiyati kengayib, dunyoning ko‘plab davlatlariga ho‘l mevalar yetkazib berish hajmi oshmoqda va uzoq muddatli hamkorlik zanjiri mustahkamlanmoqda.
Saudiya Arabistoni bozorlariga O‘zbekistonda yetishtiriladigan ho‘l mevalarni sifatli yetkazib berish borasida Makka shahrida “Al Moatasem Trading Group” rahbari Moatasem Abdullah Husain Abuzinadah bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida mahsulotlarni barqaror yetkazib berish, sifat va logistika jarayonlari bo‘yicha fikr almashildi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotida.
Ta’kidlash joizki, 1985-yilda tashkil etilgan “Al Moatasem” guruhi Saudiya Arabistonida ho‘l meva va sabzavotlar importi bo‘yicha yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya dunyoning turli mamlakatlaridan yangi mahsulotlarni olib kirib, ularni zamonaviy logistika tizimi asosida saqlash, saralash va yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniyaning asosiy yo‘nalishi – yangi ho‘l meva-sabzavotlar importi va ularni restoranlar, mehmonxonalar, aeroportlar, shifoxonalar hamda mamlakatning yirik markaziy bozorlariga tarqatishdan iborat.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning eksport salohiyatini inobatga olgan holda ho‘l mevalar yetkazib berish hajmini oshirish va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
A.RUSTAMOV, O‘zA