Shu kunlarda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tayotgan Saudiya Xalqaro hunarmandlar haftaligida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mahoratli hunarmandlar bilan bir qatorda yurtimiz hunarmandlari ham faol ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Ayni paytda ikki davlat aloqalarini yanada taraqqiy ettirish va yangi bosqichga ko‘tarish uchun imkoniyatlar katta. Ana shu aloqalarning mantiqiy davomi sifatida hunarmandchilik sohasida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Respublika “Hunarmand” uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbek hunarmandlari tomonidan tayyorlangan milliy kulolchilik, zargarlik, to‘qimachilik va kashtachilik asarlari xalqaro mehmonlar e’tiborini tortmoqda. Bu nafaqat milliy san’atimizni dunyoga namoyish qilish, balki yangi hamkorliklar uchun ham katta imkoniyat hisoblanadi.
Tadbirda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodirjon Turg‘unov hunarmandlar bilan suhbatlashdi. Elchi kelgusida bu kabi xalqaro ko‘rgazmalarda O‘zbekistondan ishtirok etayotgan hunarmandlarning pavilonini kengaytirish va ko‘proq ustalarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA