English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistonida Oʻzbek kurashi boʻyicha xalqaro turnir tashkil etildi
14:17 / 2019-03-17

Turnirda 20 dan ortiq davlatdan polvonlar mutlaq vaznda gʻoliblikni qoʻlga kiritish uchun gilamga tushdi


Turnirda 20 dan ortiq davlatdan polvonlar mutlaq vaznda gʻoliblikni qoʻlga kiritish uchun gilamga tushdi. Oʻzbekiston sharafini jahon va Osiyo chempioni, Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlari gʻolibi Muhsin Hisomiddinov himoya qildi.

Xalqaro musobaqa Podshoh Abdulaziz nomidagi “Tuyalar festivali” (King Abdulaziz Camel Festival) dasturiga birinchi marta kiritilgan “Koʻchmanchilar olami” (Nomad Universe) xalqaro etnofestivali doirasida oʻtkazildi.

photo_2019-03-17_14-16-07.jpg

Festival mamlakat poytaxti Ar-Riyod shahridan 120 kilometr uzoqlikdagi choʻl hududida joylashgan Al-Sayohid qishlogʻida tashkil etilgan. Bu qishloq yuz yillar davomida Arabiston yarim orolining turli nuqtalaridan yoʻlga chiqqan tuya karvonlari uchrashadigan tarixiy hudud hisoblanadi.

“Tuyalar festivali” bir oy davom etadi. Bu yerga har kuni 25-30 ming tomoshabin kelmoqda. “Koʻchmanchilar olami” xalqaro festivali esa 9-19 mart kunlari oʻtkazilmoqda. Etnofestival turli xalqlar va millatlarning betakror anʼanalari namoyish etiladigan yirik anjuman, deb baholanyapti. Bu yerda kurash va yakkakurash turlari, anʼanaviy intellektual oʻyinlar boʻyicha musobaqalar, kamondan oʻq uzish, qushlar bilan ov qilish, uloq va boshqa turdagi milliy qadriyatlar boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar tashkil etilmoqda.

Kurash boʻyicha turnir festival mehmonlarida katta qiziqish uygʻotgan musobaqalardan biri boʻldi.

- Kurash boʻyicha musobaqa festivalimizga oʻzgacha ruh bagʻishladi, - deydi, Jahon etnooʻyinlar konfederatsiyasi prezidenti Asxat Akibayev. – Unda 20 dan ortiq davlat vakillari qatnashgani ushbu sport turining obroʻsi xalqaro koʻlamda salmoqli ekanidan dalolat bermoqda.

- 2018 yil Indoneziyada tashkil etilgan Osiyo oʻyinlari doirasida kurash boʻyicha musobaqalar boʻlib oʻtgach, dunyoda, xususan, Osiyo mamlakatlarida ushbu sport turiga boʻlgan qiziqish yanada oshdi, - deydi Osiyo va Okeaniya kurash konfederatsiyasi vitse-prezidenti Mirzaquli Qurbonov (Turkmaniston). – Endi tashkil etilayotgan har bir musobaqani dunyo polvonlari malaka va mahorat oshirish uchun qulay imkoniyat, deb bilmoqda.

- Mongoliya bir marta kurash boʻyicha jahon chempionatiga mezbonlik qilganidan faxrlanamiz, - deb oʻz fikrlarini bildirdi Mongoliya kurash federatsiyasi prezidenti Begz Ganbatar. – Bugun bizning mamlakatimizda kurash boʻyicha oʻnlab toʻgaraklar faoliyat yuritmoqda. Ishonchimiz komilki, ularda boʻlajak jahon va Osiyo chempionlari, Osiyo oʻyinlari gʻoliblari tarbiyalanmoqda. Bugungi musobaqada ham eng kuchli kurashchilarimizdan biri - Serik Beryedmurat munosib qatnashib, uchinchi oʻrinni egalladi.

Ishqibozlarning qizgʻin hayqiriqlari ostida oʻtgan bellashuvlarda dunyoning turli mamlakatlari polvonlari kurash sirlarini puxta oʻrganib, gʻoliblikni qoʻlga kiritishga intilayotganini koʻrsatdi. Kurash Vatani – Oʻzbekiston vakiliga Mongoliya, Qirgʻiziston, Bolgariya, Kongo, Uganda, AQSH kabi davlatlarning sportchilari kuchli raqobat koʻrsatdi.

Asosiy bellashuv – finalda Muhsin Hisomiddinov va turkmanistonlik Gilich Jumayev gʻoliblik uchun kuch sinashdi. Unda bugun jahon reytingida peshqadamlik qilayotgan oʻzbekistonlik polvonning qoʻli baland keldi.

- Men Muhsin polvonni gʻoliblik bilan tabrikladim va, shuningdek, endi musobaqalarda oʻzbekistonlik kurashchilarga oson boʻlmasligini ham aytdim, - deydi Gilich polvon. – Chunki dunyoda kurashga mehr qoʻygan va uning sirlarini oʻrganib, mahoratini oshirib borayotgan polvonlar safi kengayib bormoqda. Xitoyda 2022 yil boʻlib oʻtadigan Osiyo oʻyinlarida kurashchilar 15 vazn toifasida va jamoalar oʻrtasidagi bellashuvlarda gilamga tushishi qitʼamiz polvonlari uchun xushxabar boʻldi va xursand qildi.

“Tuyalar festivali” doirasida kurash boʻyicha xalqaro turnirning tashkil etilishi oʻzbek xalqining bebaho qadriyatiga boʻlgan xalqaro qiziqishning yanada oshayotganidan dalolatdir.