English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistonida dunyodagi eng baland osmono‘par bino quriladi
20:31 / 2026-02-05

Saudiya Arabistonida dunyodagi eng baland osmono‘par bino — “Rise Tower” qurilishi rejalashtirilmoqda. Uning balandligi taxminan 2000 metrni tashkil etadi va bu ko‘rsatkich hozircha eng baland binolardan biri bo‘lgan Dubaydagi “Burj Xalifa”dan qariyb ikki barobar yuqori.

Majmua 678 qavatdan iborat bo‘lib, unda hashamatli mehmonxonalar, yuqori darajadagi restoranlar, panoramali kuzatuv maydonchalari hamda premium toifadagi biznes markazlar joylashtirilishi rejalashtirilgan.

“Time Out Dubai” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ulkan loyiha Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrining shimolida amalga oshirilayotgan “Vision-2030” dasturining muhim qismi hisoblanadi. Mazkur dastur mamlakatning neftga bo‘lgan qaramligini kamaytirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, dam olish va turizm sohalarini rivojlantirishni maqsad qilgan.

Bu loyiha turizmni rivojlantirish va shahar infratuzilmasini zamonaviylashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli strategiyaning bir qismi hisoblanadi. Shuningdek, shaharsozlik rejalari doirasida Saudiya Arabistonining ikkinchi yirik shahri — Jidda shahrida balandligi 1000 metrga yetadigan yana bir osmono‘par bino qurish ham rejalashtirilgan.                           

F.Yaxshiboyeva, O‘zA