Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni tiklash bo‘yicha muzokaralar boshlandi
12:47 / 2021-04-19

Saudiya Arabistoni hamda Eronning yuqori lavozimli mulozimlari bundan besh yil avval uzilib qolgan diplomatik munosabatlarni qayta tiklash uchun muzokara olib bormoqda, deb yozadi Financial Times gazetasi ishonchli manbalarga tayanib.

Nashrning bergan ma’lumotiga ko‘ra, 9 aprelda Iroq bosh vaziri Mustafo Kozimiy vositachiligida Bog‘dod shahrida boshlangan ushbu muzokaralar ikki mamlakat o‘rtasidagi 2016 yildan keyingi ilk sezilarli siyosiy muloqot bo‘lgan.

Xabarda aytilishicha, muzokaralarda “Ansar Alla” (xusitlar) harakatining Saudiya hududiga hujumi bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilingan. Muzokaralarning navbatdagi bosqichi keyingi haftaga belgilangani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, muzokaralar AQSH prezidenti Jo Baydenning yadroviy bitimni tiklashga urinishi va mintaqadagi keskinlikning pasayishi sharoitida bo‘lib o‘tmoqda. Muzokaralarga sabab bo‘lgan yana bir omil sifatida Eron bilan Saudiya Arabistoni Yamanda olti yildan buyon davom etayotgan urushga barham berish istagi keltirilmoqda.

Gazetaning yozishicha, "muzokaralar jadal sur’atda olib borilmoqda, chunki AQSHning yadro bitimi bo‘yicha muzokaralari ham xusitlar hujumi natijasida tezlashgan".

Saudiya Arabistoni 2016 yilda Tehron va Mashhaddagi diplomatik vakolatxonalariga hujum uyushtirilgandan keyin Eron bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatgan edi. Ar-Riyodga birdamlik tariqasida o‘shanda Baxreyn, Sudan va Jubiti davlatlari ham Eron bilan diplomatik munosabatlarni o‘zgan.