Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni va Dubaydan 5 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Repatriatsiya reyslari hozir ham davom etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 28-fevralgacha Saudiya Arabistonining Madina va Jidda shaharlaridan 21 ta aviareys orqali jami 4948 nafar yo‘lovchi O‘zbekistonga olib kelingan. Shuningdek, Dubaydan 235 nafar fuqaro Vatanga qaytarilgan.
Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani sababli qator davlatlar havo hududi 28-fevraldan beri yopiq qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni AQSH va Isroil Eron hududiga aviazarbalar bergan, Eron esa bunga javoban Isroil va mintaqadagi boshqa ob’ektlarga hujum qilgan.
Shu sababli 28-fevraldan 2-martgacha Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt va Isroildan 1681 nafar yo‘lovchi O‘zbekistonga uchib kela olmagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, Transport vazirligi mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda fuqarolarni vatanga qaytarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqqan. Ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish maqsadida «O‘zaviatsiya» agentligida tunu-kun ishlaydigan shtab tashkil etilgan.
Vaziyat doimiy o‘zgarib borayotgani va mintaqa davlatlari aviatsiya ma’muriyatlari bilan olib borilayotgan muzokaralar natijalarini hisobga olgan holda aviakompaniyalar uchun maxsus talablar belgilandi.
2-martdan boshlab O‘zbekistondan Yaqin Sharq mamlakatlariga va u yerdan ortga barcha yo‘lovchi reyslari vaqtincha taqiqlandi. Shuningdek, umra ziyorati dasturi ham vaqtincha to‘xtatildi. Hozirda faqat fuqarolarni vatanga qaytarishga qaratilgan repatriatsiya reyslariga ruxsat berilmoqda.
Transport vazirligi bunday reyslar haqida ma’lumot olish uchun faqat aviakompaniyalar vakolatxonalariga murojaat qilishni tavsiya qildi. Shu bilan birga, so‘nggi kunlarda fuqarolarni olib chiqishni va’da qilib, pul talab qilayotgan shaxslar faollashgani haqida ogohlantirildi.
Yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish maqsadida «O‘zaviatsiya» agentligida koll-markaz tashkil etilgan. Murojaat qilish uchun telefon raqamlari: +998 78 120 00 72, +998 71 200 07 65.
Sh. Mamaturopova, O‘zA