French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan umumiy qiymati 15 milliard dollarlik shartnomalar imzolanib 14 ta qo‘shma loyiha amalga oshiriladi
09:56 / 2022-09-30

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vaziri Tavfiq ibn Favzan ar-Robiya bilan uchrashdi.

Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning asosiy jihatlari hamda uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining Haj va Umra ziyoratlarini yanada mazmunli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani e’tirof etdi. 

Shuningdek, siyosiy, iqtisodiy va turizm sohalarida munosabatlar faollashganini yuqori baholadilar.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning avgust oyida Saudiya Arabistoniga o‘tgan 30 yil davomida birinchi tarixiy tashrifi Podshohlik bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish uchun turtki bo‘lgani ta’kidlandi.

Xususan, tashrif davomida Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan umumiy qiymati 15 milliard dollarlik shartnomalar imzolanib, energetika, kimyo, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, qurilish, farmatsevtika, infratuzilmaviy qurilish va boshqa sohalarda 14 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada rivojlantirish, ya’ni yetkazib beriladigan tovarlar turlarini kengaytirish, transport-logistika aloqalarini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etildi.

O‘zbekistonliklarning Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish masalalari alohida muhokama qilindi. Tomonlar 2018 yil oktyabr oyidan Umra kvotalari bekor qilinganini qayd etdi. Bu esa avvallari bunday imkoniyatni uzoq vaqt kutishga majbur bo‘lgan aholining niyatlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratdi. O‘zbekistonlik ziyoratchilarning chegara va bojxona nazoratidan o‘tishi, biometrik ma’lumotlarni elektron ro‘yxatga olish shartlarini optimallashtirish jarayonini faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha muhokama qilingan barcha masala va tashabbuslarni jadal hayotga tatbiq etishga kelishib olindi.

 

G.Sattorova,
O‘zA