Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistoni jurnalida Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilgani haqida maqola chop etildi
12:36 / 2025-08-22

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistonida nashr etiluvchi “Al-Yamama” jurnalida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot haqida maqola chop etildi.

Ushbu jurnal butun arab dunyosida keng tarqaluvchi haftalik nashr bo‘lib, uning butun arab mamlakatlari bo‘ylab 500 mingdan ortiq obunachisi bor.

Jurnal shunday deb yozadi: “O‘zbekistonda jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tilida chop etishga ixtisoslashgan nufuzli “Jahon adabiyoti” adabiy jurnalining muntazam nashr etilishi, turli nashriyotlarda tarjima asarlarining chop qilinishi bilan bir qatorda, mamlakat hukumati badiiy tarjimani rag‘batlantirish maqsadida ilk bor badiiy tarjima sohasida xalqaro mukofot ta’sis etdi. Mukofot XIX asrda yashagan o‘zbek shoiri, tarixchisi va mashhur tarjimoni Muhammad Rizo Ogahiy (1809–1874) nomi bilan atalgan. U O‘zbekistondagi nufuzli adabiy mukofotlardan biri hisoblanadi va har ikki yilda bir marta topshiriladi.

Mukofot o‘zbek adabiy tarjima maktabini rivojlantirish, yosh va tajribali tarjimonlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek adabiyotini jahonga targ‘ib etishda xizmat qilgan ijodkorlarni taqdirlash, jahon adabiyotining eng yaxshi asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimonlarni rag‘batlantirishdan iborat”.

Jurnal Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi mukofot nominatsiyalari, tanlov qoidalari haqida ham ma’lumot berib o‘tadi. Shuningdek, o‘zbek o‘quvchilariga arab adabiyoti yaxshi tanish ekani, arab kitobxonlariga o‘zbek adabiyotini yaqindan tanishtirish yo‘lida qator tarjimonlar xizmat qilayotgani, zamonaviy o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlarining arab tilida chop etilgani, O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni yozuvchilari Aziz Ziyo, Hiyam Hasun Ali al-Muflih hikoyalari, Hamza Muhammad Buqriyning “Safo ayvoni”, Badriya al-Bishrning “A’sho ko‘chasidagi ishq qissalari” romanlarining nashr etilgani haqida xabar qiladi. Va tarjima qilinuvchi asarlar ikki xalq o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida xizmat qiladi. 

Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot esa jahon mamlakatlari o‘rtasida adabiy aloqalar mustahkamlanishiga, xayrli ishlarning kengayishiga rag‘bat beradi, deb ta’kidlaydi.

N.Usmonova,
O‘zA