Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri bilan muzokara o‘tkazildi
20:14 / 2021-02-08

Ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning qo‘shma mexanizmlarini yaratish bilan bog‘liq amaliy masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Holid al-Falih bilan telekonferensaloqa orqali muzokara o‘tkazdi. Suhbat davomida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb kun tartibi, shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining shu yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi, savdo, turizm, energetika va kimyo sanoati sohalarida qo‘shma loyihalarni hamkorlikda ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi bir qator ustuvor yo‘nalishlarda kelgusidagi samarali hamkorlik uchun zamin yaratib, ikki tomonlama iqtisodiy sheriklik rivojlanishiga sezilarli turtki bergani qayd etildi.

Xorijiy tomon Buxoroda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni biznes-forumi va O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha “Sabic Corporation”, “Saudi Aramco”, “National Technology Group”, “Maaden”, “Sira”, “Jamjoom Pharma” va boshqa kompaniyalarning O‘zbekistonga investitsiya kiritishga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshganini ta’kidladi. Aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish uchun yaqin kelajakda ishbilarmon doiralar o‘rtasida muzokara o‘tkazish, o‘zaro tashriflar, shuningdek, ikki mamlakatda qo‘shma biznes-forumlar va “B2B” va “B2G” shaklida muloqot tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Saudiya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi davomida investitsiya shartnomalari imzolangan Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasi va Buxoro hamda Navoiy viloyatlarida shamol elektr stansiyalari qurish loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha yaqin hamkorlik qilish orqali energetika sohasida uzoq muddatli munosabatlarni chuqurlashtirishga har ikki tomon ham tayyor ekani bildirildi.

Ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning qo‘shma mexanizmlarini yaratish bilan bog‘liq amaliy masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, respublikamizda to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika tarmoqlarida sanoat klasterlari yaratish bo‘yicha istiqbolli takliflarni ko‘rib chiqish ma’qullandi.

Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonda Saudiyaning yirik sanoat shaharlarida O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi va O‘zbekiston investitsiyaviy salohiyatining tarmoqlar bo‘yicha alohida taqdimotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistonida ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berishni ko‘paytirish, ikki mamlakat ishbilarmonlarining O‘zbekiston va Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan ko‘rgazma hamda yarmarkalardagi ishtirokini faollashtirish, O‘zbekiston – Saudiya savdo uylari tashkil etish orqali o‘zaro savdo hajmini oshirish mexanizmi ham alohida muhokama qilindi.

Muzokara yakunida hamkorlikning barcha yo‘nalishlariga oid ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan birgalikda ish olib borishni faollashtirishga kelishildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

matbuot xizmati