Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistoni delegatsiyasi Samarqandni ziyorat qildi
18:52 / 2025-04-19

Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish idorasi (NAZAHA) prezidenti Mazin Al Kaxmus boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandga keldi.

Dastlab, mehmonlar viloyat prokurori M.Eshnazarov bilan uchrashib, Samarqand viloyati prokuratura organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida 2011 yilda tashkil etilgan mazkur idora faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng delegatsiya Samarqanddagi muqaddas qadamjo va tarixiy-madaniy yodgorliklarni ziyorat qildi.

Ayni paytda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif davomida mehmonlarga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddis mangu orom topgan maskanni obod qilish va bu yerda ziyoratchilar uchun yaratilayotgan sharoit, imkoniyat haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mehmonlar Imom Buxoriy ilmiy merosini o‘rganish va tadqiq etish bilan shug‘ullanayotgan xalqaro markaz faoliyati bilan tanishtirildi.

Saudiya Arabistoni delegatsiyasi Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va boshqa tarixiy obidalarda bo‘lib, ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyati mahsuli bo‘lgan bu yodgorliklarni hayrat bilan tomosha qildi.

[gallery-22908]

Yuqori martabali mehmonlar  o‘zbek xalqining boy tarixi va madaniyati, ulkan ma’naviy merosi borligini e’tirof etdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari