Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saudiya Arabistoni bilan harbiy sohada hamkorlik
15:28 / 2025-11-14

Mamlakatlar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va harbiy sohada tajriba almashish masalalari bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ayni shu maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, ikki mamlakat Milliy gvardiyalari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuv esa bu hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan darak beradi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi Milliy gvardiyasi vazirligi Harbiy apparat boshlig‘i general-leytenant Solih bin Abdurahmon al-Harbiy boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.

Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev tomonidan mehmonlar Markaziy devonda munosib kutib olindi. Mazkur uchrashuv o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish borasidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Dastavval, delegatsiya a’zolari Milliy gvardiya tarixi muzeyiga tashrif buyurib, tizim tarixiga oid boy ma’lumotlar, eksponatlar va gvardiyaning shakllanish bosqichlari bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng, ikki tomon o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda sohadagi tarixiy va bugungi kundagi zamonaviy vazifalarning o‘xshash jihatlari muhokama qilinib, istiqbolli rejalar hamda hamkorlik mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi vazifalar, har ikki davlatda tarixiy obidalarni ziyorat qilish va turizm sohasini rivojlantirishda xavfsizlikni ta’minlash borasida Milliy gvardiyaning muhim o‘rni, unda innovatsion texnologiyalar, jumladan dron va antidronlardan samarali foydalanish, maxsus bo‘linmalar o‘rtasida mashg‘ulotlar va treninglar tashkil etish hamda malakali kadrlarni tayyorlash borasida tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, ushbu uchrashuv kelgusidagi hamkorlik uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlanib, do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari Milliy gvardiya bo‘linmalarida xizmat qilib, o‘z burchini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikka hurmat bajo keltirishdi.

Tashrif davomida mehmonlar Situatsion markaz, Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Axborot xizmati, Bolalar psixologiyasi markazi, shuningdek, Milliy gvardiya maxsus bataloni hamda Jamoat xavfsizligi universiteti faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida o‘zaro manfaatli ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid qator masalalar belgilab olindi.

Tadbir davomida mehmonlar, Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lib, ajdodlarimizning boy tarixiy merosi bilan tanishdi.  

Nigora Rahmonova, O‘zA