O‘zbek adabiyoti, ayniqsa, betakror she’riyatimizni ayol ijodkorlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Atoqli shoira Farida Afro‘z milliy she’riyatimizda o‘ziga xos yetakchi o‘rin egallab kelayotgan ijodkorlardan sanaladi.
Farida Afro‘z 1956 yil 5 mart kuni Qo‘qon shahrida tug‘ilgan.
Shoira 1994 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi sanaladi. Uning «Qirq kokilligim», «Iztirob ko‘ylagi», «Tunlar isyoni», «Ko‘zim manim...», «Qurbonjon dodxoh» tarixiy dramasi, «O‘zimdan o‘zimgacha», «Poka yest na zemle razluka...», «Ot Faridы Afruz» (Moskva), «Gun aydin» (Istambul), «Ushshoq», “Tasbih“, “O‘sha kun – bugundir” singari o‘ttizdan ortiq she’riy to‘plamlari chop etilgan.

Farida Afro‘zning she’rlari rus, turk, ingliz, nemis, fransuz, fors, uyg‘ur, ozor, gagouz, xitoy, koreys tillariga tarjima qilingan. O‘z navbatida shoira jahon adabiyotidan yapon haykularini, turk she’riyatidan Mustafo Otaturk, Ziyo Ko‘kalp, Husayn Otsiz, Dog‘larja, Ismat O‘zal she’rlarini, fors she’riyatidan Mehri Hirotiy hamda zamonaviy fors she’riyatidan Zahro Abul Husayniy, Sudoba, Soya Kabiriy g‘azallarini, zamonaviy qozoq va qoraqalpoq she’riyatidan va amerikalik ruhshunos Deyl Karnegi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Aytish kerakki, Farida Afro‘zning she’rlari asosida ko‘plab go‘zal qo‘shiqlar xalqimizga hadya etilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari sifatida mehnat qilib kelayotgan shoira “Ma’rifat ulashib”, “She’riyat xiyoboni”, Zomin yosh ijodkorlar respublika seminarlarida yosh qalamkashlarga nazm saboqlarini ham bermoqda. Farida Afro‘z “Shuhrat” medali, “Do‘stlik” ordeni sohibasidir.
***
Milliy she’riyatimizga o‘zining betakror ijod uslubi bilan kirib kelib, bugungi kunda adabiyot maydonida samarali ijod qilayotgan ijodkorlar ko‘p. Ulardan biri tolmas va shiddatkor shoira, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ilk sohibalaridan biri Guljamol Asqarovadir.
Guljamol Asqarova 1978 yil 5 mart kuni Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan.
1998 yilda Respublika yosh ijodkorlarining Zomin an’anaviy seminarida she’rlari e’tirof etilib, oliy o‘rinni egallagan va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan.
2001 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Shoiraning 1998 yilda “Dil fasli”, 2000 yilda “Ro‘shnolik”, 2003 yilda “Bedor qo‘ng‘iroq”, 2004 yilda “Baxt dastxati”, 2007 yilda “Uyg‘otuvchi alla”, 2008 yilda “Gulnoma”, 2010 yilda “Turnalar yo‘li”, 2012 yilda “Erkalik imtiyozi”, 2013 yilda “Oshiqlar tumori” va boshqa ko‘plab kitoblari nashr etilgan. Guljamol Asqarovaning she’rlari bir qator xorijiy tillarga tarjima qilingan.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri