“Satellit” xalqaro turnirida oʻzbek qilichbozi tengsiz boʻldi
Poytaxtimizda qilichbozlikning shpaga yoʻnalishi boʻyicha “Satellit” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi.
Poytaxtimizda qilichbozlikning shpaga yoʻnalishi boʻyicha “Satellit” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi.
Musobaqada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston, Indoneziya, shuningdek, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi bayrogʻi ostidagi sportchilar sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib borishdi. Turnir ishtirokchilari soni jami 34 nafarni tashkil etdi. Bu haqida MOQ xabar bermoqda.
Murosasiz kechgan bahslar yakuniga koʻra, oʻzbekistonlik sportchilar Fayzullo Alimov va Roman Aleksandrovlar finalgacha yetib borishdi. Hal qiluvchi jangda Fayzullo Alimov 15:7 hisobida gʻalaba qozondi va turnir gʻolibiga aylandi. Roman Aleksandrov esa kumush medal bilan kifoyalandi. Bronza medaliga esa boshqa bir yurtdoshimiz Nodirbek Moʻminov hamda Indoneziyadan tashrif buyurgan qilichboz Anggi Villiansyaxlar ega chiqishdi.
Eslatib oʻtamiz, 17-18 noyabr kunlari Toshkent shahri qilichbozlik boʻyicha yana bir nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi. Shu kunlari poytaxtimizda qizlar oʻrtasida sablya yoʻnalishi boʻyicha jahon kubogi bellashuvlari tashkil qilinadi.