Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va hal etish bugun har bir davlat xizmatchisining burchiga aylandi.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan fuqarolar murojaatini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ularni tegishli tartibda hal etishga alohida e’tibor qaratiladi. Kun davomida ko‘plab fuqarolardan tug‘ilganlikni o‘z vaqtida qayd qilmaslik yoki qonuniy nikoh bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushmoqda. Joriy yil viloyatda bolalarning tug‘ilishi muddatini o‘tkazib qayd etish holatlari 1 ming 25 tani, shundan 16 yoshdan oshgan shaxsning tug‘ilishini qayd etish holatlari esa 38 tani tashkil etgan. Sud qarori asosida 37 ta tug‘ilganlik holati qayd etilgan.

Jumladan, Ohangaron tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga tumandagi Eyvalik qo‘rg‘onida yashovchi Nasiba Xolmurodovadan murojaat kelib tushdi. U 18 yoshli qizi Charos Xolmurodovaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ololmayotgani, 2 yil davomida ko‘plab idoralar eshigini taqillatgani, ammo ish hal bo‘lmayotganligini ma’lum qildi. Fuqaro tomonidan qilingan murojaat FHDYO bo‘limi xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, murojaatchining qizi Charos 2003 yil 27 oktyabrda Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda unga berilgan xuddi shu raqamli tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma boshqa bolaga ham berilgan ekan. Shu sababli Charos 16 yoshga to‘lganda pasport ololmaydi. Maktabni ham o‘sha eski hujjat bilan tamomlagan.
Nasiba Xolmurodova qizi turmushga chiqayotganligi sababli, unga yangi guvohnoma olish uchun tuman FHDYO bo‘limiga murojaat qilgan. Uning bu masalasi mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilib, DXA Toshkent viloyati boshqarmasining huquqiy va amaliy ko‘magi bois, qizining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi rasmiylashtirib berildi.
A.Musayev, O‘zA