Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sarmishsoy”da yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi
15:03 / 2021-06-30

30 iyun – Yoshlar kuni

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tashabbusi bilan Navbahor tumani “Sarmishsoy” dam olish oromgohida korxonalar yoshlarining o‘zaro tajriba almashishish, liderlik va kreativ fikrlash qobiliyatlarini oshirishga qaratilgan yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.

“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan forumda yoshlar, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi va Yaponiya elektr energetika tarmog‘i korxonalari yoshlari vakillari ishtirok etdi.  

– bugungi kunda kombinatda 16 ming nafarga yaqin yosh mehnat qilmoqda, – deydi NKMK yoshlar yetakchilari Kengashi raisi Sanjar Rajabov. – Korxona yoshlarining 2,8 ming nafari oliy ma’lumotga ega bo‘lib, ularning 378 nafari turli rahbarlik lavozimlarida, 1368 nafari esa kon-metallurgiya sanoatida tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha ishlab kelmoqda. Birgina “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ga doir qabul qilingan dasturda 172,8 milliard so‘mlik ishlarni amalga oshirish nazarda tutilgan bo‘lib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amalga oshirish ishlariga 300 million so‘m, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” loyihasi bo‘yicha 4 mingdan ortiq ishchi-xodim uchun tarixiy joylarga sayohatlar tashkil etishga 1 milliard so‘m, iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularning innovatsion ishlanmalari va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘nalishida 200 million so‘m, Navoiy viloyatida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kombinatning o‘quv markazlarida 11 ta kasb-hunarga o‘qitishga 1 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.  

Elektr energetikasi va tog‘-kon sanoati korxonalarida faoliyat yuritayotgan yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi va Yaponiya yoshlari uchun muloqot maydonini yaratish maqsadida tashkil etilgan forumda yoshlar o‘zaro fikr almashdi, turli loyiha va musobaqalarda ishtirok etdi.  

[gallery-2968]

Jumladan, forum ishtirokchilari “NKMK tarixi” muzeyi, “Sarmishsoy” darasi va qoyatoshlaridagi qadimiy petrogliflarni borib ko‘rdi. Shuningdek, Nurota tumanidagi “Chashma” va Karmana tumanidagi “Qosim Shayx” majmualari, “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi va “Navoiy IES” AJga press-tur, “Toza hudud” va “Green challenge” ekochorlov aksiyalari, yoshlarda liderlik qobiliyati va jamoada ishlash ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi, sport musobaqalari kabi ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-musiqiy dasturlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

– Stansiyamizda amalga oshirilayotgan har bir loyihada yoshlarimiz faol ishtirok etmoqda, – deydi “Navoiy IES” AJ yoshlar ittifoqi yetakchisi Akbarxo‘ja Ergashxo‘jayev. – Ayniqsa, ularning sohamizda zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanilishini o‘zlashtirishda malakasi oshib bormoqda. Mazkur forum bizga hamkasblarimiz bilan o‘zaro fikr va tajriba almashish imkoniyatini berdi. Shuningdek, yoshlarning yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, jamoada qay tartibda ishlash va ish yuritish bo‘yicha bilimlarni oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan seminar-treninglar har tomonlama foydali bo‘ldi.  

“Yoshlar forumi” yopilish marosimida faol ishtirokchilar, o‘tkazilgan musobaqalar g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan “Diplom”, qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari, shuningdek, energetika tizimida mehnat qilayotgan bir guruh yoshlarga oliy o‘quv yurtlarida o‘qishlari uchun “Tavsiyanoma” topshirildi.

 

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA