Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi umrining bor - yo‘g‘i uch haftasini qamoqda o‘tkazgan bo‘lsada, xotiralar yozib “Mahbus kundaligi” nomi bilan nashr qildi. Nimagadir, bu asarni sobiq davlat rahbarining qudratli siyosiy quroliga aylandi, deyishmoqda. Kitob Amazon platformasi orqali oldindan buyurtma qilinib, sotilishi bo‘yicha allaqachon birinchi o‘ringa chiqqan, deb xabar berdi Yevronyus.
Kitob sotuvga chiqqan kuni Parijning nufuzli 16-tumanidagi kitob do‘koni oldida yuzlab odamlar dastxat olish uchun navbatda turishdi. Aytishlaricha, bu shov-shuvli harakat ortida sobiq prezidentning puxta o‘ylangan strategiyasi yotibdi. Chunki, Fransiya tarixida sobiq prezidentning qamoqqa olinishi noyob hodisa. Sarkozi esa bu vaziyatdan unumli foydalanmoqda. Fransiyaning sobiq yetakchisi sentyabr oyida besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U 2007 yilgi prezidentlik kampaniyasini noqonuniy olingan mablag‘lar bilan qo‘llab-quvvatlaganligi uchun mahkamaga tortilgan edi. Sarkozi Parijdagi Sante qamoqxonasida uch hafta o‘tirgach, sud ishni appelyatsiya tartibida ko‘rib chiqayotgani uchun uni shartli ravishda ozod etdi. Nihoyatda tez yozilgan bu kitobda Sarkozi bir necha kunlik qamoq taassurotlari bilan cheklanib qolmagan. Jumladan, u Fransiyalik siyosatchi Marin Le Pen bilan bo‘lgan telefondagi suhbatini esga oladi. Nima uchun? Asl sabablarini izlasangiz, asar negizida siyosiy maqsadlar yotibdi. Masalan, Fransiyadagi nufuzli nashrlardan birining bosh muharriri Arno Benedettining aytishicha, bu kitob oddiy qamoq xotiralari emas. - Aslida bu gibrid asar… shu bilan birga asarni siyosiy bayonot, deyish mumkin. Haqiqat shuki, unga nisbatan qancha jinoiy ish ochilganidan qat’i nazar, Sarkozining so‘zlari jamiyatdagi siyosiy bahslarda hali ham o‘z salmog‘iga ega bo‘lib qolaveradi, – degan u.
Professor Filipp Moro-Shevrolening ta’kidlashicha, Sarkozining asosiy maqsadi aniq, ya’ni, jamoatchilik fikri beqaror bo‘lgan bir vaziyatda voqealar rivojini zudlik bilan qo‘lga olish.
- Kitob juda qisqa muddatda tayyor bo‘lishi kerak edi, chunki muhokama doirasini fransuzlar o‘zlari belgilab ulgurmasidan avval uni belgilab qo‘yish muhim bo‘lgan, - deb yozdi u.
Umuman, kitobning yozilishi, uni tezda nashr qilish va boshqa harakatlar tasodifiy emas, degan fikrlar yangramoqda. Chunki, ro‘y berayotgan voqealar shunchaki, o‘z-o‘zidan yuz beradigan ishlar emas. Bu harkatlar yuzaga kelishi uchun to‘liq nazorat kerak. Masalan, qamoqqa tushishidan oldin tarafdorlarni safarbar qilish, Sarkozi kameraga olib kirgan “Graf Monte-Kristo” romanini ramziy alomat sifatida ko‘rsatish va ozodlikka chiqqan zahoti faol axborot strategiyasini yo‘lga qo‘yish, shunchaki tasodif emas.
Aslida, Fransuz kitob bozorida siyosatchilar tomonidan yozilgan asarlar odatda yaxshi sotilmaydi, ammo ko‘rayotganingizdek, Nikolya Sarkozi bundan mustasno.
- Sarkozi qanday vaziyatda bo‘lmasin, hech kimni befarq qoldirmaydigan siyosatchi. Uni qiyin sharoitlarda ham tark etmaydigan sadoqatli muxlislari bor. Shuning uchun uning shaxsi, tarixi va shuningdek, fikrlarini ochiq ayta olish uslubi asarning muvaffaqiyatiga xizmat qilgan,- deb yozgan Bosh muharrir Arno Benedetti.
Kitobga bo‘lgan ulkan qiziqishning yana bir sababi, uning deyarli beqiyos mohiyatida, deyishmoqda. Mohiyat shundaki, Yevropa ittifoqi davlatlari rahbarlari yoki Fransiya prezidenti qamoq tajribasini hali hech qachon bayon etmagan. Ba’zilar, kitobning shov-shuv bo‘lganiga sabab, shunchaki prezidentning qamoqdagi hayoti qanday bo‘lganini bilishga qiziqish, deyishayotgan bo‘lishsa, ayrimlar asarning to‘liq tijoratbop tabiatiga urg‘u berib, marketing nuqtai nazaridan mahsulot samarali bo‘lgan, deb hisoblashayapti. Lekin, ba’zi mutaxassislar Sarkozining ko‘zlagan ustuvor maqsadi sud ishi atrofidagi media kurashda g‘olib bo‘lish, lekin, nashr muvaffaqiyati hech qachon siyosiy muvaffaqiyatni kafolatlamaydi, - deb yozishdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/L6Y42ZHATHQ" title="Sarkozining “Mahbus kundaligi” asari nashrdan chiqdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA