Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida noqonuniy yog‘ ishlab chiqarish sexi faoliyatiga chek qo‘yildi.
Viloyat bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, DXX Uzun tumani bo‘limi va viloyat iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari o‘tkazgan tezkor reyd tadbirida A.X.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. U yashash xonadonining yordamchi xo‘jaligida noqonuniy yashirin sex tashkil etib, moy juvoz uskunasida chigit mahsulotidan sifati kafolatlanmagan qo‘lbola yog‘ ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgani aniqlandi.

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun keng qamrovli chora-tadbirlar belgilab olingan. Shunga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan reyd tadbirlarida hududlarda noqonuniy va sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarib, ularni sotish bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ham uchramoqda.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri