Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalar amaliyotga joriy etilmoqda. Tumanning Sobirjon Siddiqov xo‘jaligi hududida joylashgan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qarashli Oqoltin nav sinash uchastkasining 30 gektar yer maydonida xitoy texnologiyasi asosida sarimsoqpiyoz yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Ahamiyatli jihati shundaki, bu yerda sarimsoqpiyoz an’anaviy usulda emas, balki dala bo‘ylab tortiladigan maxsus plyonka ostiga ekilyapti. Bu usul sarimsoqpiyozning yaxshi o‘sishiga, uning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan namlik va haroratni barqaror ushlab turishi va suvni tejashga xizmat qiladi.

Yangi texnologiya joriy etilgan dalalarda tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan. Bu tizim suv sarfini 30–40 foizga kamaytiradi, tuproqdagi namlikni barqaror saqlab turadi va sarimsoqpiyozning ildiz tizimiga suv hamda mineral moddalarni aniq miqdorda yetkazib beradi. Shuningdek, plyonka ostida ekish va mexanizatsiyalashgan ishlov berish jarayonlari mehnat sarfini keskin qisqartiradi, ish jarayonini tezlashtiradi hamda mehnat unumdorligini oshiradi.

– Oqoltinda tajriba tariqasida ekilayotgan sarimsoqpiyoz kutilganidan ham yaxshi natija beradi, – deydi Oqoltin nav sinash uchastkasi boshlig‘i Mamatqul Pirmatov. – Bu yerning tuprog‘i va iqlimi sarimsoqpiyoz yetishtirish uchun juda mos. Shu bois, Xitoy tajribasi asosida 30 gektar maydonda sinov tariqasida sarimsoqpiyoz ekayapmiz. Kelgusi yil kuzda bu tajribani kengaytirish, eng muhimi — sarimsoqpiyozni takroriy ekin sifatida ekishni rejalashtirayotgan fermer xo‘jaliklariga tavsiya va maslahatlar berishni ko‘zda tutganmiz. Bu nafaqat ichki bozorni mahsulot bilan ta’minlaydi, balki eksport hajmini ham oshirishga xizmat qiladi.

Yangi texnologiyaning yana bir muhim afzalligi — resurs tejamkorligi. Plyonka ostiga ekish natijasida agrotexnik tadbirlarga sarflanadigan texnika, yoqilg‘i-moylash materiallari va ishchi kuchi xarajatlari keskin kamayadi. Shu bilan birga, loyiha yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholining bandsiz qatlamlarini ish bilan ta’minlash imkonini ham bermoqda.

Mahalliy mutaxassislar fikricha, sarimsoqpiyoz yetishtirishda xitoy texnologiyasini qo‘llash nafaqat hosildorlikni 1,5–2 barobar oshiradi, balki mahsulot sifatini ham yaxshilaydi. Plyonka ostida yetishgan sarimsoqpiyoz bir xil kattalikda bo‘ladi, uzoq muddat saqlanadi va eksport talablariga to‘liq javob beradi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, bu yil Sirdaryo viloyatidagi 73 ming gektar paxta maydonining 65 ming gektariga xorijiy, jumladan, 23 ming gektariga Xitoyning “XinLuZao”, “Zhongtaj”, “Tian Yu” kabi paxta navlari ekilib, kutilganidan ham yuqori natija qayd etildi. Ayrim dalalarda har gektaridan 60–70 sentnerdan hosil olinmoqda. Bu so‘nggi yillarda paxtachilikda kam kuzatiladigan holatdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri