Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiya a’zolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi xodimlari, NNTlar, milliy madaniy markazlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishni komissiya raisi Sadoqat Siddiqova olib bordi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatning boshqa institutlari faoliyatini ko‘llab-quvvatlash, shu tariqa ularning bugungi islohotlardagi o‘rnini mustahkamlash masalasiga e’tibor qaratilmoqda. Bu e’tibor samarasini Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasi faoliyati misolida ham kuzatish mumkin.
Ta’kidlash joiz, 2025 yil ham bo‘linma faoliyati uchun juda samarali kechdi. Amalga oshirilgan loyihalar, tashkil etilgan aksiyalar viloyatda nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining jamiyatdagi rolini oshirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, faoliyati qo‘llab-quvvatlangan nodavlat notijorat tashkilotlar aholi hayoti bilan bog‘liq qator ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ruhiy muammolarni hal qilishda yaqin ko‘makchiga aylandi.
Jumladan, hududiy bo‘linma mablag‘larining taqsimoti va ijrosi yo‘nalishida ortda qolgan yilda Prezidentimizning 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan 2024 yil dekabr oyida 2025 yil uchun mahalliy byudjetni tasdiqlash to‘g‘risida qabul qilingan qarorga asosan, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasiga jami 5067,967 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi.
[gallery-27325]
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining 2025 yil 24 fevraldagi qarori bilan ajratilgan mazkur mablag‘lar fuqarolik jamiyati institutlarini davlat subsidiyasi, Davlat ijtimoiy buyurtmasi va davlat granti shaklida qo‘llab-quvvatlash va hududiy bo‘linmaning ma’muriy xarajatlari uchun taqsimlandi.
Jumladan, subsidiya tartibida O‘zbekiston Nogironlar jamiyati hududiy bo‘limlariga 1075,06 million so‘m, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati hududiy bo‘limlariga 1826,3 million so‘m, O‘zbekiston Karlar jamiyati hududiy bo‘limlariga 124,8 million so‘m, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi hududiy bo‘limlariga 190,93 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan komissiya a’zolarining fikr va mulohazalari eshitildi va komissiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov, (surat), O‘zA muxbirlari.