Qaror va ijro
So‘nggi yillar Toshkent viloyatida tibbiyotni rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, chekka va olis hududlar aholisining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida tashkil etilayotgan tibbiyot punktlari ishga tushirilmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi “2025-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2025 yilda Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash muassasalaridagi ob’ektlarda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan edi. Buning uchun 39 milliard 737 million 800 ming so‘m mablag‘ ajratildi va ulardan 9 tasi foydalanishga topshirildi.

Prezidentimizning 2022 yil 9 avgustdagi “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent viloyat hokimligi mablag‘lari hisobidan Toshkent viloyat qon quyish stansiyasining uq qavatli binosi Nurafshon shahrida qurib, foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, hududda tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha xususiy klinikalarda qo‘shni va chet el davlatlaridan kelgan 4 ming 597 nafardan ortiq bemor davolandi. Natijada yillik tushum 8 milliard so‘mdan oshdi. Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazi bilan birgalikda MDH davlatlarida yagona hisoblangan Mobil angiograf apparat yordamida aholi orasida tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi.

Shu kungacha Angren, Olmaliq, Chirchiq, Yangiyo‘l shaharlarida va Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq, Parkent, Bo‘ka, Zangiota va Oqqo‘rg‘on tumanlarida yurak qon-tomir kasalliklari bilan jami 16 ming 401 nafar bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 5 ming 481 nafarida Koronarografiya amaliyoti o‘tkazildi, 491 nafarida stentlash, 79 nafarida esa aorta koronar shuntlash jarayoni qo‘llanildi.

2025 yil boshidan buyon viloyat shifokorlari tomonidan 5 ming 677 ta yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazildi. Shuningdek, Prezidentimizning 2025 yil 19 maydagi tegishli farmoniga muvofiq Yangiyo‘l shahrida “Elektron retsept” va “Reimbursatsiya” tizimi to‘liq joriy etildi. Qolgan hududlarda ham bu tizimga bosqichma-bosqich o‘tilmoqda.

– 2026 yilda ham Toshkent viloyati tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab istiqbolli loyihalar rejalashtirilgan. Xususan, hududda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yanada yaxshilash, aholiga sifatli yordam ko‘rsatish maqsadida Nurafshon shahrida 650 o‘rinli tibbiyot klasterini barpo etish ishlari boshlanadi. Joylardagi barcha tibbiyot muassasalari yagona sug‘urta tizimida faoliyat yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi. Yangiyo‘l shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi namunasi asosida, shahar, tuman tibbiyot birlashmalarida bosqichma-bosqich “Markaziy laboratoriya”lar ishga tushiriladi, – deydi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov.

Sohada sog‘lom raqobatni shakllantirish maqsadida viloyatdagi xususiy klinikalar sonini 1 ming 20 taga yetkazish va qo‘shni Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida Toshkent viloyatining davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari salohiyatini namoyon etuvchi hamda tojikistonliklarga malakali tibbiy xizmatlar bo‘yicha ma’lumot beruvchi “CALL-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur tashabbus orqali qo‘shni davlatdan davolanish uchun kelayotgan bemorlarga to‘g‘ri yo‘nalish beriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi bilan kelishilgan reja asosida “Salomatlik marafoni” ommaviy tadbirlari o‘tkazilib, unda aholini profilaktik ko‘riklar, skrining tekshiruvlar, yuqori texnologik amaliyotlar va murakkab tekshiruvlardan o‘tkaziladi hamda aniqlangan bemorlar sog‘lomlashtiriladi.
Umuman olganda, amalga oshiriladigan bu kabi ko‘plab sa’y-harakatlar tufayli joylarda tibbiyot sohasi yanada rivojlanib, aholiga qulayliklar yaratiladi.
A.Musayev, O‘zA.