Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati quyi bo‘g‘inlarida joriy yilda hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazildi.
2021 yilning 1 yanvar holatida viloyat bo‘yicha 38 ming 66 nafar a’zoni birlashtirgan 769 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat yuritgan. Joriy yilda 823 ta boshlang‘ich tashkilot o‘z atrofida 60 ming 588 nafar a’zoni birlashtirdi. Tabiiyki partiya a’zolari sonining ortishi quyi bo‘g‘inlarning son va sifat darajasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Joriy yil hisobot-saylov yig‘ilishlarida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi, 2022 yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” ga oid Davlat dasturi ijrosi yuzasidan ustuvor vazifalar belgilandi. Mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari va BPTlarning aholi manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
– Yig‘ilishlardagi yana bir muhim jihat shundaki, tayanch bo‘g‘in faoliyat ko‘rsatuvchi korxona, tashkilot yoki muassasaning Taraqqiyot strategiyasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalariga ham alohida urg‘u berildi, – deydi partiyaning boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash bo‘yicha bosh maslahatchisi Nargiza Xalilova. – Masalan, Romitan tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “BCT Cluster” paxta-to‘qimachilik klasterida o‘tkazilgan boshlang‘ich partiya tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishida 120 nafar maslakdoshdan iborat tayanch bo‘g‘in a’zolari ushbu klasterning ishlab chiqarish faoliyati hamda strategiyaning turdosh korxonalarga taalluqli yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Buxoro shahridagi “Salomatlik maskani” xususiy shifoxonasi BPTSida o‘tkazilgan hisobot-saylov yig‘ilishida tinglovchilar 2022-2026 yillarda yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholi salomatligini muhofaza etish borasida Taraqqiyot strategiyasida o‘z ifodasini topgan dolzarb vazifalar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA
