Toshkentda yer osti va yer usti metro yo‘nalishlarida qurilish ishlari boshlandi
Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishidagi ikkita yangi bekatda qurilish ishlarini yakunlash, yangi yer osti va yer usti tezyurar metro yo‘nalishlarida qurilish ishlari boshlandi.
Toshkent shahrida bunyod etilishi davom ettirilayotgan metro qurilishi endi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshiriladi. Bugungi kunda Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishidagi ikkita yangi bekatda qurilish ishlarini yakunlash, yangi yer osti va yer usti tezyurar metro yo‘nalishlarida qurilish ishlari boshlandi.Poytaxtimizda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining joriy yil 9 oyi davomida ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati yakunlari va kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shular xususida so‘z bordi.
Yig‘ilishda Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotning muhim tarmog‘i hisoblangan temir yo‘l tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yo‘lovchi va yuk tashishning eng zamonaviy talablar darajasida tashkil etilishi, temir yo‘l parkini lokomotivlar va har tomonlama qulay vagonlar bilan yangilashda muhim o‘rin tutayotganligi ta’kidlandi.
Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilashni jadallashtirishga yo‘naltirilgan faol investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda tarmoqda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida aksiyadorlik jamiyatining temir yo‘l stansiyalari orqali 50,5 million tonna yuk tashilgan. 15,8 million yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 275,7 million dollarlik eksport xizmatlari ko‘rsatildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 105,2 foizni tashkil etadi. Aksiyadorlik jamiyatning sanoat korxonalarida 312,8 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bo‘sh ish o‘rinlari va aholi bandligini ta’minlash maqsadida 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi.
2016-yilda investitsiya dasturlari doirasida 673,66 million dollardan ortiq mablag‘ o‘zlashtirildi. Qamchiq dovoni orqali o‘tgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi va undagi Qamchiq tunnelining ishga tushirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlarini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan temir yo‘l orqali bog‘lash imkoniyatini yaratdi. Qurilish ishlarining murakkabligi bo‘yicha dunyoda 8, uzunligi jihatidan 13, MDH mamlakatlari orasida birinchi o‘rinda bo‘lgan tunnelning qurilib, foydalanishga topshirilishi mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun beqiyos ahamiyat kasb etdi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 25-yilligi bayrami arafasida Toshkentdan Andijonga birinchi yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishida har kuni 2 ta zamonaviy tezyurar yo‘lovchi poyezdlar, haftasiga 2 marotaba esa Andijon – Buxoro – Andijon yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdlar qatnovi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, bir sutkada 17 yuk poyezdi yangi temir yo‘li orqali yuklarni o‘z manzillariga yetkazib qo‘ymoqda.
– Joriy yildagi eng katta yutuqlarimizdan yana biri – Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdining qatnovi yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi, – deydi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati bosh menejeri – bosh muhandisi H.Hosilov. – Samarqand, Qarshi hamda Buxoro shaharlariga ushbu tezyurar poyezdlarda qisqa muddatda yetib borishdek qulaylik, eng avvalo turizmning rivojlanishiga, qolaversa, aholining ushbu qulayliklardan to‘la foydalanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu loyihaning foydalanishga topshirilishi natijasida temir yo‘l uchastkasining o‘tkazish imkoniyati 36 foiz oshib, ekspluatatsiya xarajatlari 36 foiz kamayadi. Ushbu yo‘nalishda 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.
Matbuot anjumanida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham atroflicha ma’lumot berildi. Istiqboldagi rejalar, xususan, temir yo‘llarda elektrlashtirish jarayoni hamda yangi temir yo‘llarni qurish bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.