Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sarhisob: Surxondaryo qishloq xo‘jaligi raqamlarda
11:05 / 2020-12-21

Viloyat iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligida o‘tayotgan yil 18,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

28 ming tonna boshoqli don, 201 ming tonna paxta, 1 ming 661 tonna pilla, 133,5 ming tonna go‘sht, 570 ming tonna sut, 300 million dona tuxum, 675 tonna asal, 2 ming 23 tonna baliq mahsulotlari, 1 million 46 ming tonna sabzavot, 311 ming tonna poliz, 329 ming tonna kartoshka, 162 ming tonna meva, 94 ming tonna uzum yetishtirildi.

Paxta hosilining 93 foizi paxta-to‘qimachilik klasterlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Mavsumda 8 ta g‘allachilik klasteri faoliyat yuritib, har gektar maydondan 65-69 sentnerdan sara don yig‘ib oldi. 228 ming tonna don dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldirildi. Viloyatda so‘nggi to‘rt yilda 55 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, o‘rniga eksportbop va ekologik toza, meva-sabzavot va ozuqabop ekin yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.

[gallery-518]

Joriy yilda 889 gektar yangi intensiv bog‘, 1 ming 17 gektar uzumzor, 74,4 gektar maydonda 28 ta issiqxona barpo etildi. 13 ta meva-sabzavotchilik, 2 ta qorako‘lchilik, 2 ta pillachilik klasteri tashkil etildi. Yangi yildan parrandachilik, chorvachilik, sholichilik klasterlari ish boshlaydi. 3 ming 797 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatildi. Koreyaning "KOICA" agentligi Amu-Zang kanali va Janubiy-Surxon, To‘palang suv omborlariga suv sarfini onlayn nazorat qiluvchi maxsus qurilmalar o‘rnatib, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etdi. 1 ming 276 kilometr ochiq va 286 kilometr yopiq-yotiq kollektor, 132 dona gidrotexnik inshoot ta’mirlanib, tiklanishi evaziga 22 ming 600 gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilandi.

Davlat byudjetidan ajratilgan 43 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 13 ta loyiha doirasida 17 ta yangi sug‘orish tarmog‘i qurildi, 32 kilometr sug‘orish tarmog‘i rekonstruksiya qilindi, 3,1 kilometr yangi lotok o‘rnatildi. 12 dona sug‘orish qudug‘i qazildi, 12 nasos stansiyasi tashkil etilib, foydalanishdan chiqqan 6 ming 144 gektar maydon qayta foydalanishga kiritildi.

Viloyat mirishkorlari 94,3 million dollar qiymatidagi turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘ndan ortiq davlatga eksport qildi. Voha qishloq xo‘jaligida yuz berayotgan o‘zgarishlar hududning obodligi, yurt farovonligi va aholi dasturxonlari to‘kinligini taminlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA