Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sarhisob qilishga arzigulik natijalar ko‘p
16:08 / 2024-11-08

11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni

Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Baxt qasri” tantanalar majmuasida mehnat faxriylari, kasaba uyushmalari faollari, Toshkent viloyatidagi korxona va tashkilotlarda uzoq yillar faoliyat yuritgan ishchi-xodimlar uchun madaniy-bayram dasturi tashkil etildi. 

Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbariyati, Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etib, sana munosabati bilan barcha mehnatkashlarni va kasaba uyushmalari tizimi xodimlarini tabrikladi. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari 120 yillik tarixga egaligi, ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni va roli benihoya katta ekanligi e’tirof etildi.  

Hozirgi vaqtda viloyat bo‘yicha kasaba uyushmalari tizimida 3 ming 16 tadan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatib, soha bo‘yicha 3 ming nafardan ziyod xodim va 16 ming nafarga yaqin faollar xizmat qilmoqda.  

– O‘tgan davrda soha xodimlarining sa’y-harakatlari bilan viloyatdagi ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 1 milliard 700 million so‘mga yaqin mablag‘ undirildi. Shu bilan birga, 2 ming 300 nafar ishsiz fuqaro bandligini ta’minlashga erishildi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shoira Ahunjonova. – Mehnat muhofazasi bo‘yicha 561 ta korxona va tashkilotdagi xodimlarning hayoti, mehnati uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 1 ming 244 ta kamchilik aniqlanib, bartaraf etildi. Tog‘li joylardagi 18 ta bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida yoz mavsumi davomida viloyat bo‘yicha 15 ming nafarga yaqin bolalarning dam olishi tashkil etildi. Umuman olganda, bu kabi sarhisob qilishga arzigulik natijalar juda ko‘p.  

Bayram tadbirida mehnat faxriylari, turli sohalarda uzoq yillar davomida samarali faoliyat yuritib kelayotgan ishchi-xodimlar, kasaba uyushmalari tizimining bir guruh faollari viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan hamda barcha ishtirokchilar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Toshkent viloyati Kengashi tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Tadbir davomida ishtirokchilar uchun bayram dasturxoni yozilib, san’atkorlarning diltortar kuy-qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.  

A.Musayev, O‘zA.