Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sarhisob: Prezident farmoni bilan qayta tashkil etilgan institut natijalari
14:43 / 2022-12-28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi “2022 — 2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti qayta tashkil etildi.

Prezident farmoni bilan qayta tashkil etilgan institut yil yakuniga qadar qanday natijalarga erishdi?  

O‘tgan vaqt mobaynida umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori hamda maktab o‘qituvchisining kasb standarti ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Institut jamoasi ta’lim sohasidagi islohotlar jarayonida o‘z vazifalariga astoydil kirishgan. Bu jarayonda ilmiy xodimlar, tayanch doktorantlar, stajyor tadqiqotchilarning 112 ta tadqiqot natijasi chop etilgani mutaxassislar mehnati samarasidir.  

Yil davomidagi muhim yangiliklardan biri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining qaroriga muvofiq, ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi DSc.28/30.12.2019.Ped.68.01 raqamli Ilmiy kengash 13.00.02 - Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha ilmiy darajalar berish huquqiga ega bo‘lganidir.

2021/2022-o‘quv yilida tahsil olgan magistrlarning 26 nafari o‘z ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan bo‘lsa, “Ta’limda menejment” ixtisosligi bo‘yicha 10 nafar tayanch doktorant, 9 nafar mustaqil izlanuvchi, 2 nafar stajyor-tadqiqotchi o‘qishga qabul qilindi.  

TALIS-2018 xalqaro tadqiqoti so‘rovnomasi asosida 14 000 nafar respondent ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazildi. Tadqiqot natijalari Singapur, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Finlyandiya, Rossiya, Latviya, Niderlandiya, AQSH kabi mamlakatlar natijalari bilan qiyosiy tahlil qilindi, tadqiqotning 2-qism hisoboti chop etildi.

– Har bir yil biz uchun sinovli, mas’uliyatli davr, – deydi A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev. – Butunlay yangilangan, qulay, tezkor, foydali bo‘lgan loyihalarni amalga oshiryapmiz. Kun o‘targa ishlash bizga yarashmaydi. Rivojlanish kutib turmaydi, ta’lim tanaffus bilmaydi. Shu bois institutdagi muhim ishlardan biri, maktab direktorlarini tanlash va tayinlashda amaliy ko‘mak beruvchi “Maktabda boshqaruv“ nomli uslubiy qo‘llanma nashr etildi. Uslubiy qo‘llanmada maktab rahbariyati va xodimlarning faoliyatini o‘rganish diagnostikasi, umumiy o‘rta ta’lim maktabini ilmiy-metodik boshqarish texnologiyasining ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha rahbarlik kompetensiyalarini aniqlovchi indikatorlar majmui, maktab direktorlarining faoliyatini o‘qituvchilar tomonidan baholash va o‘quvchilar tomonidan o‘qituvchiga beriladigan baho mezonlari jamlangan. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun “Science” fanlarini o‘qitish metodikasi bo‘yicha metodik qo‘llanma tayyorlandi, o‘qituvchilar qisqa o‘quv kurslarida o‘qitildi.  

Ma’lum qilinishicha, tabiiy fan (SCIENCE) amaliyotga kiritilishidan oldin xalqaro amaliyot, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xususiy va xorijiy maktablar tajribasi o‘rganilgan. Yangi fan o‘quvchilarni kichik yoshidan tabiiy fanlarni o‘qishga rag‘batlantirish, ularda olam haqida yaxlit tasavvur paydo qilishga yordam beradi. Bu bilan bola tabiiy fanlar, jumladan, fizika va kimyo qiyin emas, balki qiziq fanlar ekanini anglaydi, uni o‘rganishga o‘zida rag‘bat sezadi. U ta’lim sifatini oshirish uchun mavjud fanlarni integrativ tarzda o‘qitilishini ta’minlaydi.

Institutdagi ilmiy tadqiqotlar, joriy etilayotgan yangiliklar sabab “Xalq ta’limi: muammolar, izlanishlar, yechimlar” ilmiy-uslubiy jurnali tashkil etildi va 3 ta soni nashrdan chiqdi. Mutaxassislar diqqat markazida bo‘lgan PISA, TIMSS, PIRLS xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik bo‘yicha stesting.uz trenajyor platformasi orqali 2 969 102 nafar maktab o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalari baholandi. Stesting.uz trenajyor platformasi statistikasiga ko‘ra, maktablar ushbu elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tib, maktab o‘quvchilari test-topshiriqlarni bajarib kelmoqda. Ushbu bajarilgan test-topshiriqlar malakali pedagog-mutaxassislar tomonidan o‘zbek va rus tillarida tekshirib baholab borilmoqda.

Yakunlanayotgan yilda institut tuzilmasida “Xalq ta’limi xodimlarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash markazi” tashkil etildi. 2023 yildan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktori lavozimiga nomzodlarni maxsus dasturlar asosida o‘qitish, ularning boshqaruv sohasiga oid bilim va ko‘nikmalarini baholash, baholash natijasidan kelib chiqib talabgorlarga menejerlik sertifikati beriladi. Yil davomida jami 473 854 nafar o‘qituvchi 7 ta kompetensiya bo‘yicha malakasini oshirdi, kasbiy salohiyati 53,4 foizdan 85 foizga ko‘tarildi, shuningdek, 8 ta kompetentlik asosida 7228 nafar maktab direktorining malakasi oshirilib, ularning bilim ko‘nikmalari 44,3 foizdan 88,4 foizga oshdi.

Institutdagi yaxshi tashabbuslardan biri – xorijda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbek tili o‘qituvchilari bilan o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zbek tili fani bo‘yicha 36 soatlik qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etilgani bo‘ldi. Ushbu kurslarda 48 nafar tojikistonlik o‘qituvchi o‘z malakasini oshirdi.

Xalq ta’limi xodimlarining pedagogik mahoratini oshirish, kasbiy ehtiyojlarini boyitish maqsadida 20 dan ortiq kurslar ishlab chiqildi va “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi “Ommabop kurslar” qismiga joylashtirildi. Jumladan, “Milliy o‘quv dasturi mazmun va mohiyatini o‘rganish asoslari” kursi bo‘yicha 39 ta videodars, “Ustozlar Milliy Forumi” bo‘yicha 37 ta video taqdimot, biologiya, kimyo, fizika, astronomiya va matematika fanlari bo‘yicha toifaga tayyorlash kurslari, xitoy tili, Stesting, PISA tadqiqotlarida matematik savodxonlik, Teaching English Through English, mental arifmetika, xalq ta’limi xodimlarini OIV/OITS kasalligini oldini olish va unga qarshi kurashishda tibbiy bilimi va xabardorligini oshirish, media savodxonlik va media ta’lim va boshlang‘ich sinflar uchun tabiiy-ilmiy fanlarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalari muntazam oshirilmoqda. Ushbu kurslarni 174 200 nafar o‘qituvchi o‘qib tugatdi.  

Sarhisob qilinayotgan davrda “Upgrade” loyihasi bo‘yicha fan metodistlari uchun 24 ta, sinf rahbarlari uchun 8 ta va maktab direktorlari uchun 32 ta variativ o‘quv dasturlari va o‘quv-metodik materiallar ishlab chiqildi, 354 ta kontent bazasi yaratildi. “Uzluksiz kasbiy rivojlanish-2022” loyihasi doirasida esa 22 ta fan bo‘yicha 1068 ta kontent materiallari tayyorlandi va elektron platformaga joylashtirildi.

“Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining ona tili (o‘zbek tili) fani bo‘yicha malakasini baholash hamda 14 ta fandan test tizimini ishlab chiqish” loyihasi bo‘yicha o‘qituvchilarning fanni bilish va malakasini baholash uchun 8 ta xorijiy standart va til malakasini baholash bo‘yicha (SAT EGE) 5 ta imtihon tizimini tahlil qilish asosida 10 220 ta test tuzildi va aprobatsiyadan so‘ng 6 000 ta testlar banki yaratildi.

O‘zbek tilini bilish darajasini belgilab beruvchi test tizimi joriy etildi. O‘zbek tilining bosqichlashtirilgan (A1, A2, V1, V2) darajalari hamda o‘zbek tilining umumiy o‘rta ta’lim uchun o‘qib tushunish, eshitib tushunish, fikrni og‘zaki bayon qilish va fikrni yozma bayon qilish malakalari bo‘yicha standarti ishlab chiqildi.

“Qualification” loyihasi doirasida biologiya, kimyo, matematika va fizika fanlari maktab darsliklari tahlil qilinib, o‘quvchilar va pedagoglar bilimini baholash uchun komponentlar shakllantirildi, baholash mezonlari va spetsifikatsiyalari ishlab chiqildi. 4 ta fan bo‘yicha pedagoglarni birinchi va oliy malaka toifasini olishga qaratilgan 6 900 ta savol tuzildi.

– Yillar davomida muammolarga to‘lgan tizimni o‘zgartirish, yangiliklarni joriy etish, ma’lumotlar bazasini shakllantirish, kadrlar tanlashda shaffoflikni ta’minlash muhim vazifa edi, – deydi A.Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti pedagoglarni kasbiy rivojlantirish bo‘yicha prorektori Mehriniso Pardayeva. – Shu bois fanlar kesimida o‘qituvchilarning mavjud vakant o‘rinlarga munosib nomzodlar tanlashning shaffof mexanizmini yaratish maqsadida “O‘qituvchilarning milliy kadrlar zaxirasi” NTR maxsus elektron portali (https://ntr.avloniy.uz/) yaratildi. YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatlarini oshirish bo‘yicha yondashuvlarni moslashtirish va ommalashtirish” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida intervyu shaklda 30 nafar maktab direktori va 24 nafar fan metodisti, fokus guruhlarda 200 nafarga yaqin maktab o‘qituvchilari hamda so‘rovnomada 3 700 nafardan ortiq o‘qituvchilar ishtirok etdi. Kelgusida tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Institut jamoasi tomonidan yangiliklarni joriy qilish va xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida xorijiy hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 17 ta memorandum imzolanib, Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Yaponiyaning Sukuba universiteti va “Digital Knowledge Co. Ltd” kompaniyasi, JICA, British Council, UNICEF, RTI, YUNESKO, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda bir qator tadbirlar o‘tkazildi, kelishuvlarga erishildi. Institut mutaxassislari xorijda malaka oshirdi.

Bir so‘z bilan aytganda bu yil institut faoliyatida yangiliklarga boy bo‘ldi. Muhim qadamlar tashlandi, yangidan-yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etildi. Bu kabi sa’y-harakatlar “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ham uzluksiz davom etadi.

 

B.Meliqulova, O‘zA