Oliy ta’lim sohasining rivoji mamlakat intellektual salohiyatini yuksaltirish, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash va innovatsion taraqqiyotni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bugungi globallashuv sharoitida yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan talab tobora ortib borayotgani oliy ta’lim tizimini zamonaviylashtirishni taqozo etmoqda. Ilmiy tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va raqamli ta’lim texnologiyalarini joriy etish sohaning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, o‘tgan 2025 yilda oliy ta’lim sohasida qanday islohotlar amalga oshirildi?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda jami 207 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularning 101 tasi davlat, 74 tasi nodavlat, 32 tasi esa xorijiy oliygoh filiallari hisoblanadi.
Oliy ta’lim muassasalarining 125 tasi universitet, 43 tasi institut, 33 tasi filial, 5 tasi akademiya va 1 tasi konservatoriya maqomiga ega.
Ayni paytda respublika bo‘yicha 1 million 669 ming 95 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning ta’lim olishiga 48 ming 403 nafar professor-o‘qituvchi xizmat qilmoqda. Talabalar tarkibida ayollar ulushi yuqori bo‘lib, umumiy ko‘rsatkichning 54,26 foizini ayollar, 45,74 foizini esa erkaklar tashkil etmoqda.
Talabalarning 1 million 599 ming 586 nafari bakalavriat bosqichida, 62 ming 305 nafari magistraturada, qolgan qismi esa undan yuqori ta’lim bosqichlarida tahsil olmoqda. Ularning 170 ming 958 nafari davlat granti asosida, 1 million 498 ming 107 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qimoqda.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, 2025 yilda Prezident tashabbusi bilan oliy ta’lim tizimiga amaliyot bilan uyg‘unlashgan tahsil shakli — dual ta’lim joriy etildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish sifatini oshirish maqsadida davlat grantlarini qayta taqsimlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Endi to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalar ham o‘z bilimi va natijalari orqali davlat grantiga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida sirtqi ta’lim shakli bekor qilinib, uning o‘rniga jahon tajribasida keng qo‘llanilayotgan masofaviy ta’lim shakliga ruxsat berildi.
Qayd etilishicha, oliy ta’lim sohasida boshlangan mazkur islohotlar va xayrli tashabbuslar yangi 2026 yilda ham izchil davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA