FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Farg‘ona viloyatining ham barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.
Sarhisob qilinayotgan 2022 yil avvalida Farg‘ona shahar hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etish boshlangan edi. Ta’kidlash joiz, mazkur “Eko shahar”da 204 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi belgilangan. Yangi massivda 10 ta bog‘cha, 6 ta umumta’lim maktabi, poliklinika, masjid hamda sog‘lomlashtirish majmuasi bunyod etiladi. 15 ta ma’muriy idora qad rostlaydi, “Kichik sanoat zonasi”da esa 17 ta lotlar ajratiladi. Hozirgi kunda bu yerda bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda.
[gallery-10130]
Ushbu yilda Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘uruq bo‘limining 1958 yilda qurilgan 80 o‘rinli eski binosi o‘rnida barcha sharoitlarga ega 105 o‘ringa mo‘ljallangan yangi tug‘uruq kompleksi foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, ishga tushirilgan “Qayroq” nasos stansiyalari So‘xda 1080 gektar suvsiz maydonga hayot bag‘ishlab, hududda yoshlar bandligini ta’minladi. Oltiariqda o‘zlashtirilayotgan 1000 gektar adirlikda esa uzumzor tashkil etildi.
Uchko‘prik tumanida 15 gektar maydonda barpo etilgan Boboshbek yengil sanoat va logistika markazidan 316 ta ishlab chiqarish sexi, 336 ta savdo do‘koni, 560 ta savdo rastasi joy olgan. Shuningdek, 2 ta logistika markazi tashkil etilmoqda. Natijada Boboshbek, Bekmurod, Zig‘ir, Paloxon va Yakkamulla kabi mahallalardagi yuzlab tadbirkorlarga zamonaviy qulaylik yaratildi. Majmuada yiliga 876 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 18 million dollar miqdoridagi mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan. 7 ming 700 dan ziyod fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil may oyida Farg‘ona viloyatiga tashrifidan so‘ng, “Farg‘ona tajribasi”ni o‘rganish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar birinchi rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, vazirlar, idora va tarmoq soha yetakchilari maxsus dastur bilan Farg‘ona viloyatida bo‘lib qaytdi.
Viloyatning chegara hududi hisoblangan So‘x tumanining Javpaya massivida qo‘shimcha yer maydonlari o‘zlashtirilib, anorzorlar barpo etishga kirishildi. Harbiylar uchun zamonaviy uylar hamda xizmat binolari bunyod etildi. Tumanning Istiqlol mahallasi hududida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan “So‘x” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston tumani Yaypan shahrida esa “Turon” professional futbol klubining yangi qarorgohi foydalanishga topshirildi.
Sarhisob qilinayotgan yilda viloyat Bojxona boshqarmasida Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona posti tashkil etildi.
Qo‘qon shahrida tumanlararo perinatal markazi foydalanishga topshirildi.
Farg‘ona jamoat salomatligi instituti yangi binoda ish boshladi.
Farg‘onada ilk bor to‘xtab turgan yurakda “Aorta klapini protezlash” jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Farg‘ona shahrida “Posco International Textile” xorijiy korxonasiga qarashli yoshlar o‘quv ta’lim markazi ish boshladi. Shuningdek, “Uzsungwoo” MCHJ korxonasida yangi sex ishga tushdi. Central Asian Medical University (Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti) ochildi. Qirguli mavzesida Do‘stlik uyi ochildi.
Rishton tumanida kulolchilik mahsulotlari sanoat zonasi tashkil etildi.
Viloyat iqtisodiyoti rivojiga sanoat bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi ham sezilarli hissa qo‘shdi. O‘rmon va baliq xo‘jaliklari, dehqon va chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik kabi tarmoqlarda rivojlanish odimlari kuzatildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA