Ulug‘bek Qo‘chqorov nafaqat Namangan viloyati, balki respublikamiz sport jamoatchiligiga yaxshi tanilib ulgurgan iqtidorli murabbiylardan hisoblanadi. Ayni vaqtda Namangan muhandislik-texnologiya instituti sport kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritib borayotgan Ulug‘bek uchun yakuniga yetib borayotgan 2024 yil unutilmas voqeliklarga boy bo‘ldi.
Xususan, 2023-2024 o‘quv yili davomida oliy ta’lim muassasalarining barcha mutaxassislari uchun “Jismoniy tarbiya va sport” nomli darslik qo‘llanmasini yaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatidagi nashrlarda 12 ta ilmiy, xalqaro ilmiy jurnallarda esa 8 ta maqolasi chop etildi. Joriy yilda shogirdlari orasidan 60 dan ziyod O‘zbekiston chempioni, 90 dan ortiq mamlakat chempionati sovrindorlari hamda 8 nafar sport ustasi yetishib chiqdi. Ushbu darajaga chiqqan talabalar soni bugunga kelib 50 nafardan oshdi.


Mazkur salmoqli natijalarning yorqin samarasi hamda o‘z ustida ilmiy izlanishlari natijasida Ulug‘bek Qo‘chqorov 2024 yil 31 oktyabrda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan “Jismoniy tarbiya, sport mashg‘ulotlari, sog‘lomlashtiruvchi va adaptiv jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha professor ilmiy unvoniga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda institutda tashkil etilgan “Ulug‘bek muay-tay” sport klubida yuzdan ziyod talabalar hamda oliygoh joylashgan hudud atrofidagi mahallalardan uyushmagan yoshlar sharqona yakkakurash turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.


Yangi yil bayrami arafasida Ulug‘bek Qo‘chqorovning iqtidorli shogirdlari ustoz murabbiyiga munosib tuhfa hozirlashdi. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston muay-tay assotsiatsiyasi raisi kubogi musobaqasida Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabalari ajoyib natijalarga erishdi. Unda 36 nafar talaba-sportchi muvaffaqiyat qozonib, kubok sovriniga sazovor bo‘ldi.
Darvoqe, Namangan muhandislik-texnologiya instituti garchi sport yo‘nalishiga ixtisoslashmagan bo‘lsada, qo‘lga kiritilgan natijalari bilan vodiy viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari orasida peshqadam mavqega ega bo‘ldi. Bu ham professor va murabbiy Ulug‘bek Qo‘chqorovning mashaqqatli, ammo, sharafli mehnatining amaldagi mahsulidir.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA