Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sarhisob: amaliyot va samara
12:29 / 2022-10-16

Andijon shahar hokimligi tomonidan joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Z.M.Bobur nomli Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, bloger va ijtimoiy tarmoq faollari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida Andijon shahar hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.  

– Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida Andijon shahrida maktabgacha ta’lim, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, sport sohalarini rivojlantirish, qurilish, aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlarida salmoqli ishlar amalga oshirildi, – deydi shahar hokimi G‘. Abdurahmonov. – Jumladan, 2022 yilda 685,9 milliard so‘mga teng loyihalar doirasida qurilish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan davrda 582,17 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Ko‘plab ishlab-chiqarish ob’ektlari, turar-joy binolari qad rostladi. Birgina “Obod mahalla” dasturi doirasida 9 ta yo‘nalishda 16,8 milliard so‘mlik ishlar bajarilib, qator mahallalar infratuzilmasi tubdan yaxshilandi.  

Joriy yilda o‘nlab yangi nodavlat maktabgacha tashkilotlari ish boshladi. Hozirda Andijon shahrida 57 ta davlat, 6 ta xususiy, 21 ta  davlat xususiy-sherikchilik asosidagi, 107 nafar oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ularga 35 ming nafardan ziyod bolalar jalb etilgan bo‘lib, bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrovi 54,9 foizni tashkil etadi. Anjumanda mazkur yo‘nalishda ko‘p ishlar qilinishi zarurligi alohida qayd etildi.  

Andijon shahar tibbiyot birlashmasi tizimidagi 14 ta tibbiy muassasa shaharda istiqomat qilayotgan 451 ming nafardan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi. Tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Aholidan tibbiyotga oid kelib tushgan 336 ta murojaatning 272 tasi qanoatlantirilgan.  

Aholini xatlovdan o‘tkazish uchun tibbiyot brigadalarini tibbiy jihozlar bilan ta’minlash maqsadida mahalliy byudjet hisobidan 333 million 700 ming so‘m ajratilib, fonendoskop, tanometr, pulsoksimetr singari bir necha turdagi zarur tibbiy jihozlar xarid qilindi. Umuman, ko‘rsatilayotgan patronaj xizmati va birlamchi tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi. Bundan tashqari, shahar markaziy shifoxonasida 40 o‘rinli endokrinologiya bo‘limi tashkil etildi.

Anjumanda xotin-qizlar, yoshlar bilan ishlash borasida olib borilgan ishlar bo‘yicha ham atroflicha ma’umotlar berildi. Xususan, o‘tgan 9 oy davomida o‘rganishlarda qayd etilgan 8 ming 356 nafar ishsiz xotin-qizning 3 ming 584 nafari bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik qilish istagidagi 552 nafar xotin-qiz tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitilgan.

Oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, xotin-qizlar orasida salbiy holatlarning oldini olish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlariga qaramasdasdan xotin-qizlar ishtirokidagi salbiy holatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ortgan, 685 ta oilaviy ajrim qayd etilgan.  

Mutasaddilar tomonidan tahlil etilganda, ajrimlar asosan, farzandsizlik, mehnat migratsiyasi tufayli er-xotinning uzoq vaqt birga yashamaganligi, oilaviy kelishmovchilik sababli yuzaga kelganligi ma’lum bo‘ldi. Ajrimlarning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadirlar belgilanib, mahalla raislari, xotin-qizlar faollari, imomlar, otinoyilar, ko‘cha- boshlari, mahalla yarashtiruv komissiyalari a’zolari tomonidan zarur ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ajrim yoqasida turgan 186 ta oilaning muammosi o‘rganilib, shundan 179 ta oila yarashtirildi. Haftaning har chorshanba kuni “Mustahkam oila” shiori ostida shaharda yarashtirish tadbirlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, nikohlanayotgan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida  “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 2 ming 283 nafar yoshlarning 1 ming 830 nafariga yordam ko‘rsatilib, ular daftardan chiqarildi. Jumladan, 101 nafar yigit-qiz ishga joylashtirildi, 185 nafariga o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun subsidiya asosida turli jihoz va vositalar olib berildi,  85 nafar yosh haydovchilikka o‘qitildi, 240 nafarining to‘lov shartnoma mablag‘lari o‘tkazib berildi. Ayni kunda “Yoshlar daftari”dagi 881 nafar yoshga amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

Anjumanda, shuningdek, qurilish, aholini suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, “Yoshlar jamg‘armasi” faoliyati, madaniyat, sport, san’at yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusida bajarilishi belgilangan muhim ishlar xususida ham atroflicha ma’lumot berildi.  

Ommaviy axborot vositalari vakillari Andijon shahar hokimligi tomonidan olib borilgan ishlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldi.  

 

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA