Mamlakatimizda mineral xomashyo bazasini mustahkamlash, yangi konlarni aniqlash va tog‘-kon sanoatini barqaror rivojlantirish iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, qo‘lga kiritilayotgan natijalar hamda kelgusi rejalar tarmoqning izchil taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan 2025-yilda qanday ishlar amalga oshirildi va 2026-yilning ustuvor vazifalari nimalardan iborat?
Bu savolga vazirlik boshqarma boshlig‘i Sodiq Ro‘ziqulov quyidagicha javob berdi:
–2025-yil sarhisobiga kelsak, geologiya sohasida mineral xomashyo bazasini rivojlantirish davlat dasturi doirasida jami 289 ta geologik loyihalar amalga oshirildi. Ushbu ishlarga jami 2,9 trillion so‘m mablag‘, jumladan, 820 milliard so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirilib, rejalashtirilgan ko‘rsatkichlar to‘liq ta’minlandi.
Burg‘ilash, yer osti va yer usti tog‘-kon ishlari, shuningdek, 2D va 3D seysmik qidiruv ishlari rejadan ortiq hajmda bajarildi. Natijada oltin, kumush, mis, uran, qo‘rg‘oshin, rux, volfram, ko‘mir, yer osti suvlari foydali qazilmalar zaxiralari sezilarli darajada oshirildi. Shu bilan birga, chuqur izlov burg‘ilash uchun neft va gazga istiqbolli 19 ta yangi maydon aniqlanib, uglevodorod resurslari qariyb ikki barobarga ko‘paytirildi.
2025-yilda Davlat zaxiralari komissiyasi tomonidan 50 ta foydali qazilmalar, jumladan, 7 ta oltin, 1 ta kumush, 6 ta uran, 2 ta ko‘mir koni, 13 ta yer osti suvlari koni, 4 ta uglevodorod koni va 17 ta har xil turdagi noruda foydali qazilmalar konlari zaxirasi tasdiqlandi.
Tadbirkorlarga auksion savdolar orqali 15 ta asosiy turdagi kon va maydonlar, 52 ta sochma oltin yer qa’ri uchastkalari va 226 ta noruda foydali qazilma kon va maydonlari jami 543,4 milliard so‘mga sotilib, byudjetga tushum ta’minlandi.
Tog‘-kon sanoati korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 214 trillion so‘mdan ortiqni tashkil etib, reja ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi. Mahsulotlar va xizmatlar eksporti jami 1,7 milliard dollarni tashkil etib, unda uran hamda rangli va qora metallar asosiy ulushni egalladi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish kengaytirilib, 7 trillion so‘mlik uskuna, mashina, ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarildi. Import o‘rnini bosish samaradorligi 586,6 million dollarni tashkil etdi.
Investitsiya dasturi doirasida 2025-yilda geologiya yo‘nalishida 1 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. 2 ta investitsiya loyihasi muvaffaqiyatli ishga tushirildi. 700 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu, ayniqsa, hududlarda aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, kon-metallurgiya korxonalarida 1,250 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Murojaatlar bilan ishlash doirasida o‘tgan yilda vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan 700 dan ortiq murojaat kelib tushib, ularning aksariyati bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi, qolgan murojaatlarga esa belgilangan tartibda tushuntirishlar berildi.
2026-yil uchun ustuvor vazifalarga ko‘ra, 275 ta geologik loyiha doirasida geologiya-qidiruv ishlariga qariyb 3,3 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Uning 750 milliard so‘mi byudjet mablag‘idir.
Sanoat korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 220 trillion so‘mdan oshiriladi, eksport hajmi esa 1,8 milliard dollarga yetkaziladi. Shuningdek, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va yoshlar bilan ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Xulosa qilib aytganda, 2025-yil yakunlari sohada barqaror o‘sish va aniq natijalarga erishilganini ko‘rsatdi. 2026-yilda esa ushbu ishlar izchil davom ettirilib, iqtisodiyot rivoji va hududlar taraqqiyotiga xizmat qilishi ta’minlanadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA