Bugun Energetika vazirligida tashkil etilgan brifingda mamlakatimiz iste’molchilarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha kecha, 19 yanvar kuni amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Unda vazirlik axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova quyidagi ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratdi:
– Bugungi kunda yurtimizda 148 ta elektr stansiyasi ishlab turibdi. Kecha, 19 yanvar kuni elektr stansiyalari orqali jami 267,5 million kVt·soat, rejadagiga nisbatan 104 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Respublika iste’molchilariga 246,8 million kVt·soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz iste’moli 145 million metr kubni tashkil qildi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga 1,3 million metr kub tabiiy gaz yetkazib berildi. 2 ming 300 tonna (rejaga nisbatan 109% ko‘p) suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi. Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga 2 ming 300 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. Hududlardagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida 8 ming tonna suyultirilgan gaz zaxirasi yaratilgan.
Yurtimizga sovuq havo harorati kirib kelishi va hafta oxiriga qadar yana harorat tushishini inobatga olib, gaz quvurlaridagi bosimni bir maromda ushlab borish maqsadida metan quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklov kiritildi. Ularning faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berib boriladi. Aholi ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida ijtimoiy soha ob’ektlari va jamoat transporti uchun gaz ta’minoti barqaror tarzda ishlashi ta’minlanadi. Hozirgi paytda ayrim hududlarda aholi xonadonlarida gaz bosimi pasayganligi sababli quvurlarda bosimni tiklash va uni me’yor darajasiga keltirish ishlari olib borilyapti.
Bundan tashqari birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi oshiriladi. Xususan, 19 yanvar kungi birja savdolariga 2,4 ming tonna suyultirilgan gaz chiqarildi, shundan 2,3 ming tonnasi sotildi.
Avtobenzin va dizel yonilg‘isi ham aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, birja savdolariga jami 10,5 ming tonna avtobenzin va 16,1 ming tonna dizel yonilg‘isi chiqarilib, shundan 3,6 ming tonna benzin va 2,1 ming tonna dizel yonilg‘isi sotilgan.
“O‘zbekneftgaz” birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmini talabga qarab yetarli darajada oshiradi. Sovuq havo oqimi natijasida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (metan zapravkalar) faoliyatiga kiritilayotgan qisqa muddatli cheklovlar munosabati bilan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi oshiriladi.
Bugungi kunga qadar birja savdolariga qo‘yilayotgan kunlik 3700 tonna benzin hajmi talab va taklifga qarab 5000 tonnagacha oshirilishi ma’lum qilindi.
Vazirlik tizimidagi korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari ham o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan Shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishini davom ettiradi.
Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar tezkor bartaraf etib borilmoqda. Avariya brigadalari shay holatga keltirilgan, ular maxsus transport vositlari va eng muhim ehtiyot qismlari bilan ta’minlangan.
Kecha elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 7 ta, gaz ta’minotida esa 1 ta nosozlik avariya brigadalari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilib, ta’minot tiklandi.
Tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha 19 yanvar soat 19:30 da Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi yuqori bosimli gaz quvurini avtomashina urib yuborishi natijasida hududdagi 4 400 ta aholi xonadoni hamda 70 ta ulgurji iste’molchining tabiiy gaz ta’minoti vaqtinchalik to‘xtatilgan. Soat 22:20 da nosozlik bartaraf qilinib, iste’molchilar tabiiy gaz ta’minoti qayta tiklangan.
Iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarga tezkorlik bilan chora ko‘rish bo‘yicha brigadalar faoliyati tashkil etilgan. Hududiy elektr va gaz ta’minoti filiallarida tashkil etilgan “Call markaz”lar 24/7 rejimida faoliyat yuritmoqda va iste’molchilarning murojaatlari to‘xtovsiz qabul qilinmoqda. 19 yanvar kuni elektr va gaz ta’minoti masalalari bo‘yicha iste’molchilardan 20 ming 338 ta murojaat kelib tushgan va barchasiga tegishliligi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
Noqonuniy holatlar bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro F.S. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, tijorat maqsadida Andijon shahri, Pistamozor mahallasi hududidagi xonadonida yashirin ravishda 5 ta to‘plamdagi mayning qurilmasini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, jami 438,7 million so‘m miqdoridagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Andijon viloyati, Paxtakor tumanida “P.T.O.” korxonasiga qarashli elektr qurilmalar o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Ushbu qoidabuzarlik natijasida 790,6 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Xorazm viloyati, Hazorasp tumanining Bog‘dor mahallasida olib borilgan navbatdagi reyd tadbirlarida ushbu mahalladagi iste’molchi R. S. xonadonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi, 104,2 million so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahri, Qumovul mahallasi, J.Matmuratov ko‘chasida yashovchi fuqaro K. G. hisoblagichdan tashqari rezina shlang orqali tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib, “zangori yoqilg‘i”dan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi va 240 million 334 ming so‘m zarar hisoblandi. Ushbu noqonuniy holatlar bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, qishning sovuq kunlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tashkil etilgan. Shu maqsadda, kechayu kunduz ishlaydigan 1 ming 479 ta maxsus brigada safidagi 7 ming 596 nafardan ziyod ishchi-xodim joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA