Ona Vatanimiz tinchligi, mustaqilligimizni asrab-avaylash, xalq farovonligini ta’minlashda kuch ishlatar tuzilmalar bugun oldiga qo‘yilgan vazifalarni yuksak darajada ado etib, tinchligimiz va osoyishtaligimiz yo‘lida bir maqsad sari birlashmoqda.
Buni ayni kunlarda 2023-2024 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tayyorgarligining asosiy tadbirlar rejasiga muvofiq birlashma va qo‘shilmalarda o‘tkazilayotgan o‘quvlarda ham kuzatishimiz mumkin.
Jumladan, Jizzax va Samarqand viloyatlarining qo‘shni Respublikalar bilan chegaradosh hududlari bo‘ylab Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qo‘mitasi, shuningdek tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda davlat chegaralarini qo‘riqlash, chegara hamda chegara oldi hududlarida osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan “Boshqaruv organlari va bo‘linmalarini yuqori jangovar shaylikka keltirish. Chegara qo‘shinlarining belgilangan hududiy javobgarlik sohasida jangovar o‘q otish bilan dushmanni qurolli bostirib kirishlarini daf etish bo‘yicha chegara operatsiyasini o‘tkazish” mavzusida uch bosqichli kompleks qo‘mondonlik shtab o‘quvi o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘uloti Davlat chegarasi orqali noqonuniy ravishda shartli dushman bosqini xususidagi tezkor xabarga ko‘ra, hamkorlikdagi qo‘shilma va tuzilmalarga bir vaqtda “Yig‘in” buyrug‘ining berilishi orqali boshlandi. Shundan so‘ng boshqaruv organlari va bo‘linmalar yuqori jangovar shaylik darajasiga keltirildi hamda tegishli jangovar masalalarni belgilangan vaqtda bajardi.
Yig‘ilgan ishchi guruh tomonidan olingan tezkor ma’lumotga ko‘ra, shartli dushmanning davlat chegarasidan noqonuniy buzib o‘tgan sohasi belgilanib, har bir qo‘shilma va bo‘linmalar bosqinni bartaraf etish hamda davlat chegarasi daxlsizligini himoya qilish rejasini ishlab chiqib, ushbu hududlardagi bo‘linmalarga o‘z qarorlarini yetkazdi. Qarorga asosan, hamkorlikdagi tuzilmalarga o‘z xizmat vazifasidan kelib chiqib jangovar topshiriqlar berildi. Shuningdek, rejada shaxsiy tarkib soni, manzilgacha bo‘lgan masofa, jangovar texnika va qurol-aslaha hamda ichki ta’minot kabi barcha elementlar hisobga olindi.
Shundan so‘ng qurolli bosqinni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmaga asosan, amaliy harakatlarga start berildi.
Qurolli bosqin bo‘lgan chegara hududiga barcha hamkorlikdagi tuzilmalar belgilangan rejalardagi vaqt hisobiga ko‘ra yetib borib, shartli dushman shaxsiy tarkib hamda zirhli texnikalar orqali yo‘q qilindi.
Bu kabi o‘quvlar davomida chegara operatsiyasini o‘tkazish doirasida birlashma, qo‘shilma va bo‘linmalarning hamkorlik rejalarini, hisoblarini, jangovar qo‘llash hujjatlarini real holatlarda tekshirish hamda chegara operatsiyasini rejalashtirish va o‘tkazish davomida vaziyat keskinlashganda, birgalikdagi jangovar-xizmat vazifalarini bajarishda boshqaruv organlari va mansabdor shaxslarning tezkorlik bilan axborot almashinuvini va hamkorlikning samaradorligini oshirish, shuningdek kuch va vositalarning jangovar harakatlar davomida har tomonlama ta’minotini tashkillashtirish bo‘yicha ko‘nikmalari takomillashtiriladi.
Erkin Yodgorov,
Katta leytenant
O‘zA