Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sarhad posbonlari “Quvnoqlar va zukkolar”da bahslashdi
16:51 / 2026-03-04

Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatrida mamlakatimiz Shimoli-g‘arb sarhadlarini qo‘riqlayotgan jasur chegarachilar ishtirokida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarning hamkorlikdagi chora-tadbirlari dasturi doirasida tashkil etildi. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad iqtidorli harbiy yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning madaniy hordiq olishini ta’minlash hamda jamoaviy jipslikni mustahkamlashdan iboratdir.

Ko‘rik-tanlovda “Nazoratchi askarlar”, “Quvnoq chegarachilar, “Xorazmliklar” jamoalari “Salomlashish”, “Savol-javob” va “Musiqiy chiqish” shartlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Har bir sahna ko‘rinishida chegarachilar hayotiga xos bo‘lgan nozik yumor, vatanparvarlik g‘oyalari va yoshlik shijoati aks etildi.

Ishtirokchilarning chiqishlarini “Quvnoqlar va zukkolar” assotsiatsiyasi vakillari hamda DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi mas’ul ofitserlaridan iborat hakamlar hay’ati xolis baholab bordi. Ular tomonidan ijro mahorati, sahna madaniyati va musobaqa qoidalariga qat’iy amal qilinishi kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratildi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida barcha shartlar bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan “Quvnoq chegarachilar” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblarga harbiy qism komandiri tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. 

Bu kabi tadbirlar harbiy xizmatchilarning nafaqat jismoniy, balki ma’naviy-intellektual yuksalishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Zero, yurtimiz sarhadlarini nafaqat jismonan baquvvat, balki bilimli va zukko o‘g‘lonlar qo‘riqlamoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.