Jizzax shahridagi Kibersport arenasi navbatdagi muhim tadbirga mezbonlik qildi — bu yerda O‘zbekiston bolalar tashkiloti “Bolalar harakati” sardorlari saylovining viloyat hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yosh avlodni yetakchilikka tayyorlash, ularning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish yo‘lidagi izchil islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ahamiyat kasb etdi.
Saylov jarayonlari nomzodlar uchun tashkil etilgan yo‘nalishli seminar-treninglar bilan boshlandi. Ularda bolalar sardorlik mas’uliyati, jamoani birlashtirish, ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqish va ularni omma oldida himoya qilish kabi muhim ko‘nikmalarni amaliyot orqali o‘zlashtirdi. Bu esa saylovning shakliy emas, balki mazmunan boy va tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston bolalar tashkiloti faoliyati bolalarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Shu bilan birga, ularning intellektual, ijodiy, jismoniy hamda ma’naviy rivojini ta’minlash, iqtidor va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoit yaratish tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi. “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!” shiori esa ushbu maqsadlarning g‘oyaviy ifodasi sifatida xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 16–24 yanvar kunlari respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan sardorlar saylovi to‘rt bosqich — mahalla, tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlarini qamrab olgan. Mahalla bosqichida yurt bo‘ylab 81 mingdan ortiq bolaning sardor sifatida saralab olingani quyi bo‘g‘inda bolalar ovoziga qanchalik katta e’tibor qaratilayotganini yaqqol namoyon etadi. Ana shu saralash natijasida eng faol va tashabbuskor nomzodlar keyingi bosqichlarga yo‘l oldi.
[gallery-27229]
Ayni paytda Jizzax viloyatida 304 ta mahallada 2 ming 700 nafardan ziyod mahalla sardorlari, shuningdek, tuman va shahar miqyosida 117 nafar sardor faoliyat yuritmoqda. Hududiy bosqichda aynan shu nomzodlar o‘z tashabbus va loyihalari bilan ishtirok etib, yetakchilik salohiyatini namoyon qildi.
Sinov jarayonlarida ishtirokchilar “Bosh sardor”, “Jasorat”, “Qizlar akademiyasi”, “Yashil makon”, “Ibrat farzandlari”, “Iqtidor”, “Ustoz AI”, “Mutolaa”, “Matbuot va media” yo‘nalishlari bo‘yicha baholandi. Ushbu yo‘nalishlar bolalarning faqat bilim va iqtidorinigina emas, balki ijtimoiy faollik, tashabbuskorlik va mas’uliyat hissini ham kompleks tarzda ochib berdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng munosib deb topilgan 9 nafar nomzod sardor etib saylandi. Endi ular respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qilish bilan birga, mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA