Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sardorjon To‘raqulov: “O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi yanada uzayadi”
16:31 / 2022-03-17

Mamlakatimizda jahon tibbiyotining ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirish orqali aholi salomatligini mustahkamlashga muhim e’tibor qaratilmoqda. Viloyatlarda murakkab jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilib, salohiyatli mutaxassislar ishlamoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tibbiyotdagi islohotlar natijasida aksariyat muammolarga yechim topildi.

E’tiborli jihati,  dunyoning yetakchi klinikasida ishlagan o‘zbek shifokorlari yurtimizga qaytdi. Ular tajriba va malakasi bilan odamlar hayotini saqlab qolish, dardiga malham bo‘lishdek ezgu ishga munosib hissa qo‘shmoqda.  


Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialida faoliyat yuritayotgan mohir kardiojarroh  Sardorjon To‘raqulov ana shulardan biri. U 1991 yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Qrim Federal universiteti qoshidagi tibbiyot akademiyasini tamomlagan. Rossiyaning A.N. Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi milliy tibbiy tadqiqot markazida malaka oshirgan. Yosh shifokorning mazkur markazda ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo qisqa vaqt ichida murakkab operatsiyalarni muvaffaqiyatli bajarishga ulgurdi. 

O‘zA muxbiri yurak-qon tomir jarrohi va davolovchi shifokor  Sardorjon To‘raqulov bilan bugungi kundagi ish jarayoni haqida suhbatlashdi. 

–Kollejda soliq sohasida o‘qiganman, – deydi S.To‘raqulov. – Dadam avtohalokatga uchrab, shifoxonaga tushib qolganida vrachlarning ishiga qiziqib qolganman. Shundan so‘ng Rossiyada o‘qib, u yerdagi zamonaviy tibbiyotni o‘rganishni maqsad qildim. Va unga erishdim. Kardioxirurgiya yo‘nalishida bajarilgan murakkab jarrohlik amaliyotlarida qatnashdim. U yerda ko‘p narsani o‘rgandim. Misol uchun, sun’iy qon aylanishi apparati bilan ishlash, bemorlarni jarrohlik amaliyotiga tayyorlash, undan keyingi jarayonni yaxshi bilish soha mutaxassisi uchun juda ham kerak. Aslida bu juda nozik ish.  
Bir narsani alohida aytishim kerak, tibbiyot akademiyasini 45 nafar talaba bitirgan bo‘lsak, bitta menga klinikada qolib ishlash taklifi bildirildi. Bu katta faxr. Ammo men nufuzli klinikada ishlashni emas, kirdioxirurgiyadagi ilg‘or yutuqlarni o‘rganish harakatida bo‘ldim. Chunki O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishni rivojlantirish juda muhim. Yuzlab odamlarning bunga ehtiyoji bor. Jizzaxda kardiologiya markazi ochilganini eshitib, 2021 yil iyul oyida vatanimga qaytdim. Shu markazni tashkil etilgani qaytishimga turtki bo‘ldi. Rosti,  yurtimizni juda sog‘ingandim. Shuncha o‘qib, o‘rganganimizni Vatanimizda qo‘llamasak, xalqimizga xizmat qilmasak, kim degan odam bo‘lamiz?! 

Yurak xastaliklari davosiz emas. Yurtdoshlarimiz ko‘proq beparvo bo‘lishadi xolos. Yotib qolmaguncha shifokorning oldiga kelmaydi.  To‘g‘risi, bu yerga ko‘tarib olib kelishadi. Shu bois yurak-qon tomir kasalliklari O‘zbekistonda ko‘p kuzatilmoqda. Boshqa davlatlarda kasallik belgilarini sezdimi darhol shifokorga murojaat qilishadi. Albatta, yurak xastaliklarini barvaqt aniqlash uning salbiy oqibatlarini oldini olishda katta ahamiyatga ega. O‘tgan davrda yuzdan ortiq yuqori texnologik murakkab yurak jarrohlik amaliyotlarini bajardim. Bu markazda barcha sharoitlarning yaratilganligi, zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlangani samarasidir.  

Barchamiz yaxshi bilamiz, o‘rtacha umr ko‘rish yoshining statistikasi bor. Yurak, qon-tomir kasalliklarini oldini olish va davolash sifatini yaxshilash borasidagi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi yanada uzayadi. Chunki yurak xastalikka chalinganlar ilgari ko‘p vafot etardi. Endilikda bunga chek qo‘yilyapti. Viloyatlarda ham yurak xastaliklarini zamonaviy uslublar asosida kardioxirurgik yo‘l bilan davolash uchun zarur shart-sharoit yaratildi. 

Bugun yurtimizda yayrab, chin dildan ishlaydigan vaqt keldi. Prezidentimiz doimo bizni qo‘llab-quvvatlayapti. Xorijdagi ilg‘or ish tajribalarni o‘rganishimiz uchun bor imkoniyat ishga solinyapti. Xorijning nufuzli klinikalarida malaka oshirish yo‘lga qo‘yildi. Shifokor doimo izlanishda bo‘lishi lozim, aks holda qotib qoladi. Chunki sohada har kuni yangiliklar bor. Endi faqat ishlashimiz, xalqimizning salomatligi yo‘lida mehnat qilishimiz kerak xolos. 



O‘zA muxbiri Ma’sudjon Sulaymonov suhbatlashdi.