Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sardor Umurzoqovning bir haftalik yo‘li: qanday ishlar qilindi, qaysi ishlar uddalanmadi?
22:42 / 2022-02-07

O‘zA KUZATUVI: O‘zbekiston amaldorlari hafta davomida qanday ishlar bilan shug‘ullandi?

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hafta davomida amalga oshirgan ishlariyu, qanday qarorlar qabul qilgani xususida ma’lumot olish uchun vazirlikning rasmiy axborot manbalarida e’lon qilingan ma’lumotlarga  e’tibor qaratdik.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov 30 yanvar kuni Buxoro viloyati tuman va shaharlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda, shuningdek, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari hamda videokonferensiya orqali Navoiy va Surxondaryo viloyatlari tuman va shaharlari rahbarlari qatnashdi.

30 yanvar kuni investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatiga borib, u yerdagi investitsiyaviy faoliyatning tahlilini o‘tkazdi hamda viloyatda amalga oshirilayotgan loyihalarni o‘rganib chiqdi. S.Umurzakov Navoiy viloyati tuman va shaharlarning mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv ishtirokchilari investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, loyihalarni boshqarish, tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish ob’ektlarining monitoringini olib borishning yangi mexanizmlarini, shuningdek, investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini amaliy qo‘llab-quvvatlash jarayonida vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni atroflicha muhokama qildi.

31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno-Basso bilan videokonferensiya tarzida muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokarada mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston bilan YeTTB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
  
1 fevral kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov bilan uchrashdi.

Ikki Davlat rahbarlarining uchrashuvi hamda undan oldin o‘tgan yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan qo‘shma tadbirlar davomida erishilgan umumiy qiymati qariyb 7,5 milliard dollarlik 143 investitsiya loyihasi va 1,6 milliard dollarga teng bo‘lgan 455 savdo bitiminiнг amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Tomonlar loyihalar va shartnomalar hayotga joriy etilishining hozirgi holatini muhokama qilib, ularni ilgari surish bo‘yicha birgalikda amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiyaning “Gerofarm” biotexnologiya kompaniyasi rahbariyati hayot uchun zarur bo‘lgan insulin dori vositalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish loyihasini shakllantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni boshlash to‘g‘risida bitim imzoladilar.

2 fevral kuni S.Umurzakov Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masatsugu Asakava bilan videokonferensiya tarzida muzokara o‘tkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

OTBning O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorligi uzoq muddatli xarakterga egaligi hamda mamlakatda Bank ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar portfelining qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lib, boshqa barcha rivojlanish bo‘yicha hamkorlar orasida eng yirigi ekanligi ta’kidlandi. Ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish orqali Bank O‘zbekistonda dasturiy islohotlarni amalga oshirishda texnik va maslahat yordamini ham ko‘rsatib kelmoqda.

Shu kuni investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Vengriyaning “OTP Bank”i raisi Shandor Chani bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish bo‘yicha oldin imzolangan bitimning amalga oshirilishini nazarda tutgan holda, Bankning O‘zbekistondagi investitsiviy faoliyati bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Ushbu kelishuvning amalga oshirilishi mamlakatimiz bank sektoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi va ushbu sohani rivojlantirish va transformatsiya qilishga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

2 fevral kuni S.Umurzakov Turkiyaning “OYAK” kompaniyasi bosh direktori Sulaymon Savash Erdem rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda yuqori texnologiyali sanoat ishlab chiqarish ob’ektlarni tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, turkiyalik investorning O‘zbekistondagi faoliyatini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida ishtirok etdi.

5 fevral kuni vazir Pekin shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvda ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA muxbiri