Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sardor UMRZOQOV: Hamma aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish kerak
18:30 / 2022-09-28

Prezident Administratsiyasi rahbari o‘tkazgan videoselektordagi audioyozuv stenogrammasi e’lon qilinmoqda.

Kuni kecha Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Yig‘ilishda qonun buzilish holatlari, joylardagi rahbar-kadrlarning mas’uliyatsizligi qattiq tanqid ostiga olindi. Ayrim rahbarlar ishdan bo‘shatildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda videoselektor yig‘ilishidagi audio tarqaldi. O‘zA ana shu videoselektordagi audioyozuv stenogrammasini e’lon qiladi.

Sardor Umrzoqov Andijon tuman hokimiga: “Ayvonda o‘tirvolib, masofa saqlash bahonasi...”

– Andijon tumani hokimi Egamberdiyev janobi oliylari, ayvonda o‘tirmayaptilarmi selektorda? Hamma ko‘rdi, butun dunyoga sharmanda bo‘ldik, sizni deb. Ayvonda o‘tirib olib, masofa saqlash bahonasi. Nimaga unda sektor rahbarlarini oldingizga o‘tirg‘izib oldingiz, masofani saqlamoqchi bo‘lsangiz? Fuqarolarga nisbatan hurmatsizlik, dimog‘dorlik, kibr-havo, bu – nima degan gap? Butun jamiyatimizda, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Jamoatchilik oldida siz o‘zingizni emas, Andijon tuman hokimligini emas, butun davlat tizimini, Prezident komandasini obro‘sizlantirishga olib keldingiz. Shuning uchun bugun hurmatli Prezidentimiz qaror qabul qildilar, birinchidan, siz egallab turgan lavozimingizdan ozod qilinasiz. Ikkinchidan, sizning bu xatti-harakatingizga huquqiy baho beriladi. Chiqib keting zaldan.

Sardor UMRZOQOV: “Asaka tumani hokimi chiqib keting zaldan”

– Asaka tuman hokimi, janob Alixanov. Yer ajratish masalasida 56 ta qaror bilan 2390 gektar yer noqonuniy ajratilgan. 2021-2022 yilda bir yarim yil ichida yer bilan bog‘liq noqonuniy holat bo‘yicha 15 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Hurmatli Prezidentimizning qarori bilan siz ham lavozimingizdan ozod etilasiz. Chiqib keting zaldan.

“Shuhrat Qo‘shoqboyevich 3 nafar hokimni sharmanda qilib, binodan chiqarib yuborsin...”

– Paxtaobod tumani hokimi Elyorbek Usmonov janoblari, «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida «Barlos asali» fermer xo‘jaligiga chorva hayvonlari uchun 4 mlrd. 800 mln. so‘mlik 291 ta imtiyozli kredit berilgan, sizning topshirig‘ingiz bilan. Hozir fuqarolarga qo‘ylar haqiqatda yetkazib berilganligi va boshqa holatlar o‘rganilmoqda. Alohida tekshirish bo‘lyapti. Bu o‘z yo‘liga. Yana boshqa holatlar, isboti bilan, dalili bilan, rasmi bilan, audiosi bilan mening stolimda turibdi hozir.

Hurmatli Prezidentimizning topshirig‘i bilan siz ham lavozimingizdan ozod etildingiz. Zaldan chiqib keting!

Hurmatli Shuhratbek Qo‘shoqboyevich (Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov), hozir mana shu 3 nafar hokimning masalasini tezkor hal qilasiz, bularning binodan chiqib ketishida guvohnomasini olib qo‘ysin. Sharmanda qilib, binodan chiqarib yuborsin, ikkinchi yaqinlashtirmasin.

Sardor UMRZOQOV: “Janob Mo‘minov, yozmasangiz ham bo‘ladi, kitobchangizni yoping, ruchkangizni kistangizga soling”

– Farg‘ona tuman hokimi Shuhratjon Mo‘minov janoblari, hozir siz ham juda yaxshi bilasiz, alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Konkurssiz yer maydonlarini ajratish bo‘yicha qarorlar chiqarilgan. Unumdor bo‘lgan 25 gektardan ko‘p yer maydonini biriktirish evaziga nimalar bo‘lganini ham juda yaxshi bilasiz. Janob Mo‘minov, yozmasangiz ham bo‘ladi, kitobchangizni yoping, ruchkangizni kissangizga soling. Hurmatli Prezidentimizning qarorlari bilan Farg‘ona tumani hokimi Mo‘minov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Zaldan chiqib keting.

Xayrulla Hayitboyevich, guvohnomasini topshirsin. Hali uning jinoiy javobgarlikka tortilish-tortilmaslik masalasini ikki haftada gaplashamiz.

Bor-yoʻgʻi yarim yil ishlagan hokim jismoniy kuch ishlatgani uchun ishdan haydaldi

– Yoʻldoshev janoblari yangi hokim, yarim yil ham boʻlmadi hali. Bu kishi menimcha, “hokim degani – zoʻravonlik qilishi kerak, hokim degani – «man” deb turib olishi kerak, hokim degani – toʻralarcha yondashuv bilan ishlash kerak degani», deb tushunsalar kerak. Yarim yillik hokimimiz, mana. 23-avgust kuni berilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajarmaganini roʻkach qilib, tuman hokimligi devonxona boʻlimi mutaxassisiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. U bechora devonxona xodimi xohlasa ham, andisha qilganidan, tarbiyali boʻlganidan javob qaytarolmaydi. Nechanchi asrda yashayapmiz? Yangi Oʻzbekistonga munosib hokim shunday boʻladimi? Idora va tashkilotlar rahbarlarini qoʻl ostidagi xodimlarini fuqarolar oldida turli haqoratli soʻzlar bilan kamsitishni oʻzingizga odat qilib olgansiz, janob Yoʻldoshev. Kim sizga ruxsat berdi? Oʻzingizga, oilangizga, butun viloyatga, davlat tizimiga isnod keltirdingiz. Har bitta aytgan haqoratomuz soʻzlaringizning audiosi ham bor, rasrishovkasi ham bor — hammasi turibdi. Eng ayanchlisi, achinarlisi, hurmatli Prezidentimiz ham hammasini koʻrib, eshitib, juda ham qattiq ranjidilar. Shuning uchun bugun hurmatli Prezidentimiz qaror qabul qildilar, siz hokimlik darajasiga munosib emassiz. Lavozimingizdan ozod etilasiz. Zaldan chiqib keting.

“Janob Atamuradov, Davlat organini siz obroʻsizlantirdingiz...”

— Janob Atamuradov, “Oʻzbekchorvanasl” agentligi direktori, kattakon, chiqing, mikrofonga. Butun dunyo desam adashmaymiz, menga chet eldan ham yubordi sizning sarguzashtlaringizni telegram orqali. Namangan viloyatiga xizmat safari davomida nimalar qilganingizni hamma koʻrdi, bu mutlaqo davlat organi, yana bu Respublika organining rahbarining xatti-harakati, darajasiga, lavozimiga toʻgʻri kelmaydigan holat. Davlat tizimini siz sharmanda qilib obroʻsizlantirdingiz. Hurmatli Prezidentimizning qarori bilan bugun siz ham lavozimingizdan boʻshatilasiz. Chiqib keting zaldan.

Sardor UMRZOQOV: “Hamma aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish kerak”

– Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Abdiyevich, sizning oʻzingiz ham tuman hokimlari, sektor rahbarlariga ham oʻrnak boʻlmayapsiz, Men majburman shu gaplarni hozir aytishga. Internetlarda chiqib ketgan gaplar “Montaj”, dedingiz, “boshqa”, dedingiz... Hammasi topshiriq bilan ekspertiza qilindi, hammasi oʻzingiz aytgan gaplaringiz...

Bugun hurmatli Prezidentimiz topshiriqlari bilan sizni ish haqingizning 40 foizi miqdorida jarimaga tortish chorasi koʻrilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi va umuman, Qahramon Qoʻchqorovich, sizga topshiriq, ertagayoq gruppa tuzasiz, oʻzingiz bosh boʻlasiz va borib, umuman, ahvol yaxshimi? Tartibga solish kerak, jinoiy javobgarlikka tortish kerak, agar kerak boʻlsa... Hamma narsani, bor narsani koʻtarib, “oqni oq, qorani qora qilib”, tartib oʻrnatib, kim aybdor boʻlsa, hamma aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Buni Bosh prokuratura taʼminlab beradi.

 

OʻzA