French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sardobaning sanoat salohiyati kun sayin o‘smoqda
17:06 / 2025-09-16

Sirdaryoning salohiyatli va imkoniyatlarga boy hududlaridan biri — Sardoba tumani so‘nggi yillarda yangicha qiyofa kasb etmoqda. Haqiqatdan ham bugun mazkur tuman har tomonlama rivojlanayotgan, yangi istiqbol va imkoniyatlar eshigini ochgan hududga aylandi.

Bu o‘zgarishlarning asosiy sababi davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va xalq manfaatini ko‘zlab yaratilayotgan yangi imkoniyatlardir. Shu orqali Sardobada ijtimoiy va iqtisodiy hayotda sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida tumanda 217 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi va 182 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘sishni ifodalaydi. Shu bilan birga, 44 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 1 407 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Sanoat salohiyatini kengaytirish maqsadida tumanda kichik va yoshlar sanoat zonalari tashkil etildi. 1,66 gektar maydonda joylashtirilgan sanoat zonasida hozirgi kunda 6 nafar tadbirkor o‘z loyihalarini amalga oshirmoqda.

Masalan, “Jamshid Boybek 2022” MCHJ 1 milliard so‘mlik mablag‘ hisobiga temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarib, 10 nafar odamni doimiy ish bilan ta’minladi. Shuningdek, “Azamat Brendi”, “Eldor Davron Imkoni 2022” va “Sardoba Bunyodkorlari” MCHJ   ham bir necha yangi ish o‘rinlari yaratib, mahalliy tadbirkorlik va sanoat salohiyatini mustahkamlamoqda.

Tuman hokimi Ziyodulla Karimov sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishib, har bir yangi korxona aholi uchun ishonchli kelajak, tuman uchun esa iqtisodiy taraqqiyot belgisi ekanini ta’kidladi.

– Shu tumanda tug‘ilganman. Ilgari ish izlab, hatto xorijga ham borganman. Lekin o‘z yurtimda ish topib, oila ta’minotiga hissa qo‘shish — eng katta baxt ekan. Endi har kuni uyimdan chiqib, ishga kelaman va mehnatim evaziga oilamni ta’minlayapman, – deydi Do‘stlik mahallasida istiqomat qilayotgan Mirza Jo‘rayev.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri