Sardobalik o‘smirlar Bishkekdan 5 ta medal bilan qaytdi
Bolalar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan sportning Kombat Systems turi ayni vaqtda jahonda ommalashmoqda. Bu sport turi bilan shug‘ullanuvchilar soni esa yildan-yilga ortib bormoqda. Qirg‘iziston Respublikasining poytaxti Bishkek shahrida sportning ana shu turi bo‘yicha jahon chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Unda Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘quvchilari ham ishtirok etib, bor mahoratini namoyish etdi. Sardobalik murabbiy Sherbek Isomiddinovning shogirdlari o‘tkazilgan ushbu musobaqada turli davlatlardan kelgan bolalar va o‘smirlarga qarshi kurashib, ijobiy natijalarga erishib, yorug‘ yuz bilan Sirdaryoga qaytdi.
O‘tkazilgan musobaqada 65 kg vaznda Fazliddin Xalilov oltin, 81 kg vaznda Sherbek Isomiddinov, 70 kg vaznda Temir Omonov, 60 kg vaznda Samandar Sindorov kumush, 65 kg vaznda Mahtumquli Xalilov esa bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Sardobalik chempionlarning ushbu yutuqlari mustaqilligimizning o‘ttiz yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA