Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sardobalik nuroniy “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi
16:13 / 2025-09-10

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi Fayzliobod mahallasida istiqomat qilayotgan, umrining kattagina qismini qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga bag‘ishlagan nuroniy – O‘rozali bobo Normatov bu yil 102 yoshni qarshi oldi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan, Prezidentimiz farmoniga muvofiq, O‘rozali bobo “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu esa uning uzun va samarali umridagi eng unutilmas voqealardan biri sifatida tarixda qoldi.

– Bu voqea umrimning eng yorqin lahzasi bo‘ldi, – deydi nuroniy ko‘zlari yorug‘lanib. – Biz yoshlikda og‘ir qiyinchiliklarni ko‘rdik, urush yillarida qishloqda mehnat qilib, front ortiga mahsulot yuborib turdik. Hozir esa ming shukrki, bozorlarimiz to‘kin-sochin, yurtimiz tinch. Bunday zamonda inson faqat shukrona qilib yashashi kerak. Bu haqda farzandlarim, nabira va chevaralarimga doimo tayinlayman.

O‘rozali Normatov Jizzaxning Zomin tumanida tug‘ilgan. Cho‘lni o‘zlashtirish yillarida Sardobaga ko‘chib kelib, shu yurtda umr yo‘lini davom ettirdi. 1963 yildan boshlab, yangi tumanning tashkil topishi, yerlarni o‘zlashtirish va obodonchilik ishlarida fidokorona mehnat qildi. U paxtachilik, bog‘dorchilik, chorvachilik va pillachilik kabi yo‘nalishlarda samarali ishlab, qishloq aholisining turmush farovonligiga katta hissa qo‘shdi.

– Otamning hayoti mehnat bilan o‘tdi. Uning yetmish yildan ortiq fidokorona hayoti davlat rahbari tomonidan e’tirof etilgani nafaqat otam, balki barchamiz uchun quvonchli bo‘ldi. Halol mehnat va fidoyilik hamisha qadrlanishini yurakdan yana bir bor his etdik, – deydi otaxonning farzandi O‘rol Normatov.

Bugun ham nuroniy mahalladagi tadbirlarda faol ishtirok etadi, yoshlarga o‘zining ibratli hayoti haqida so‘zlab beradi. Uning kechirgan umri – chinakkam hayot maktabi bo‘lib, uning har bir maslahati tajriba va zakovat bilan to‘yingan.

– Inson uchun eng katta baxt – tinchlik va barqarorlik. Yoshlar mehnatni sevib, vatanga sidqidildan xizmat qilsalar, albatta yuksak maqsadlariga yetishadilar, – deydi O‘rozali bobo.

G‘ulom Primov, O‘zA