Sardobalik Kamolaga doktorlik diplomi topshirildi
Tantanani Guliston davlat universiteti professori R.Mahmudov kirish soʻzi bilan ochdi va boshqarib bordi.
Guliston davlat universiteti kichik faollar zalida Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Navbahor” qishlogʻida tugʻilgan Kamola Abrorxonovaga doktorlik diplomi topshirishga bagʻishlangan tantana boʻlib oʻtdi.
Tantanani Guliston davlat universiteti professori R.Mahmudov kirish soʻzi bilan ochdi va boshqarib bordi. Kamola Abrorxonova Guliston shahridagi 2-pedagogika kollejida oʻqigan Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti “Boshlangʻich taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha magistraturada va doktoranturada taʼlim olgan. 2020-yil 1-may erta tongda Sardoba suv ombori oʻpirilishi natijasida yuzaga kelgan talafotda uning oilasi ham katta talofat koʻrgan. Sardoba suv ombori talafotlarini bartaraf etish uchun muhtaram Prezidentimiz toʻrt marta Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdilar.
2020-yil 15-may kuni Mirzaobod tumanida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jabrlangan aholi bilan boʻlgan suhbatida u ham oʻz fikr mulohazalari bilan qatnashdi.
3-bosqich doktoranti Kamola “Boshlangʻich sinf oʻquvchilarini innovatsion yondashuv asosida milliy ruhda tarbiyalashning pedagogik asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi ilmiy tadqiqotini yakunlaganligini aytib oʻtdi.
Diplom topshirish marosimida fanlar doktori, professor va oʻqituvchilar soʻzga chiqib, K.Abrorxonovaning doktorlik ishini yuqori baholadi.
Oliy Attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov doktorant Kamola Abrorxonovaga tantanali ravishda fan doktorligi diplomini topshirdi.
U ilm fan rivojiga, yoshlarga katta gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga, ilmiy rahbariga, pandemiya sharoitga qaramasdan tadbirga yetib kelib unda ishtirok etgan professor-oʻqituvchilarga, Mirzaobod tumanidagi 17-sonli umumtaʼlim maktabi, Guliston shahridagi 2-sonli pedagogika kolleji jamoasiga oʻzining samimiy minnatdorligini bildirdi.
Yigirma sakkiz yoshli yangi fan doktoriga viloyat hokimligining qimmatbaho sovgʻalari hamda gul dastalar taqdim qilindi.
R.MAHMUDOV,
Guliston davlat universiteti
Matbuot kotibi