Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sardobada sport festivali
11:26 / 2025-06-17

30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yoshlar oyligi” doirasida Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida ham qator sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan 16 iyun kuni “Ravot” va "Bo‘ston" mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida, yoshlar va aholi ishtirokida “Sport festivali” bo‘lib o‘tdi.

Festivalda turli yoshdagi fuqarolar, mahallalar yoshlari, sportchilar, nuroniy hamda faxriylar faol ishtirok etishdi. Bellashuvlar futbol, stol tennisi, shaxmat, shashka, tosh ko‘tarish, chim ustida xokkey va milliy kurash kabi sport turlarini qamrab oldi. Qiziqarli va kuchli raqobatlarga boy bo‘lgan musobaqalar barcha ishtirokchilar va tomoshabinlarga katta kayfiyat, ko‘tarinki ruh ulashdi.

Tadbir davomida jamoalar o‘rtasida do‘stona muhit, o‘zaro hurmat va hamjihatlik ruhi yaqqol ko‘zga tashlandi. Shuningdek, mahalla faollari, yoshlar yetakchilari hamda nuroniylar ishtirokida sportning inson salomatligi va jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikda tutgan o‘rni haqida ma’ruzalar ham tashkil etildi.

– Bugungi tadbir yoshlarimizni sog‘lom turmush tarziga undabgina qolmay, mahallalardagi o‘zaro do‘stlik va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi, – deydi "Rovot"  mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘ulomjon O‘sarov.

Ta’kidlash joizki, “Yoshlar oyligi” doirasida Sardoba tumanidagi barcha mahallalarda sport, madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, kitobxonlik tadbirlari, teatr va musiqa kechalari, ekologik aksiyalar hamda ijtimoiy loyihalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu esa yoshlar salohiyatini yanada ro‘yobga chiqarish, ularning tashabbus va imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri